Oila ezgu va xayrli ishlar beshigi
Andijon davlat tibbiyot institutida “Keksalar maslahati – oila mustahkamligining muhim omili” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro oila kuniga bag‘ishlanib o‘tkazilgan davra suhbatida institut professor-o‘qituvchilari, tyutorlari, talabalari, hududdagi mahallalarda yashovchi bir guruh nuroniy otaxon va onaxonlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida so‘z olgan institutning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Sarvarbek Salohiddinov, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi qoshidagi “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashi bo‘lim mudiri Nasibaxon Yulchiboyeva tomonidan oila jamiyatning muhim bo‘g‘ini, har bir inson uchun eng muqaddas go‘sha va tarbiya maskani ekanligi ta’kidlanib, oilaning o‘ziga xos jihatlari, qadriyatlari xususida atroflicha so‘z yuritildi.
[gallery-11877]
Ibratli oila sohibi sifatida el-yurt orasida hurmat-e’tibor qozongan, katta hayotiy tajribaga ega mehnat faxriylari Ibrohimjon Axmedov, Tursinboy Berdirahmatov, Andijon shahar bosh otinoyisi Azizaxon Ziyayeva oilada salbiy holatlar kelib chiqishining oldini olish, qaynona-kelin munosabatlari qanday bo‘lishi lozimligi, shuningdek, yosh oilalar vakillari hamda oila qurish arafasida turgan yigit-qizlarga oilaning muqaddasligi, oila har bir a’zosining burchi va mas’uliyati, farzand tarbiyasida oiladagi totuvlik, barqaror muhitning muhimligi haqida gapirdi.
Tadbirda ishtirok etgan mehnat faxriylari tarbiya maskani, barcha ezgu va xayrli ishlarga beshik bo‘ladigan oilani mustahkamlash, boshqarish, farzandlar tarbiyasi yuzasidan talaba yoshlarga hayotiy misollar asosida keng tushuncha va maslahatlar berdi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA