OGOH BOʻLING: epidemiya sharoitida xakerlar faollashmoqda...
Virtual jinoyatchilar qoʻllayotgan usullarning eng keng tarqalgani soxta xabarlardir.
Axborot xavfsizligi sohasidagi xalqaro ekspertlar va virusga qarshi dasturiy taʼminot ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalar mutaxassislari aniqlashicha, COVID-19 epidemiyasi bilan bogʻliq vaziyat sabab aksariyat korxonalarning masofadan turib ishlashga oʻtishi kiber firibgarlikning yangi turlari paydo boʻlishiga imkon yaratdi.
Virtual jinoyatchilar qoʻllayotgan usullarning eng keng tarqalgani soxta xabarlardir.
Xalqaro ESET kompaniyasi ana shunday xatlardan biri maʼlumotlarni oʻgʻirlash uchun moʻljallangan xavfli troyanni tarqatishga yoʻnaltirilganini aniqladi. Zararli fayl xatga biriktirilgan joyda boʻlgan. U zararlanishdan himoyalanish toʻgʻrisidagi maʼlumotga ega hujjat ostida niqoblangan boʻladi.
Troyanlarning boshqa turlari kompyuterni “zombi”ga aylantirib qoʻyadi va xaker masofadan turib ushbu resursdan toʻla foydalana oladi. Qisqa vaqtdan soʻng bunday kompyuterlar ishdan chiqadi va ularni tuzatib boʻlmaydi.
Pandemiya sababli moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan butun boshli kompaniyalar ham xakerlarning qurboni boʻlishi mumkin. Firibgarlar shoshilinch buyurtma asosida xat yuboradi va hujjatga zararlangan fayllarni ilova qiladi. Natijada, butun tarmoqqa zarar yetadi. Bundan tashqari, firibgarlar pandemiya sababli moliyaviy muassasalar faoliyatining sekinlashganini havola qilgan holda, kompaniyaga zararli faylni toʻlov kafolati bilan, masalan bank hisobining koʻchirmasi bilan birga yuboradi.
Kiberjinoyatchilar talab ortib borayotgan tibbiy niqoblardan ham foyda koʻrishga harakat qilmoqda. Ular ana shu maqsadda soxta saytlarni yaratmoqda. Turli chegirmalarni jalb qiladi va shu orqali ularning toʻlov maʼlumotlarini qoʻlga kiritadi. Ularning rekvizitlaridan xabar topgan firibgarlar barcha hisoblar va elektron hamyonlardagi mablagʻlarning hammasini yechib oladi.
ESET kompaniyasidagilar karantin davrida kiberhujumlar sonining oshishini taxmin qilmoqda. Xakerlarning qurboniga aylanmaslik uchun axborot xavfsizligi borasidagi asosiy qoidalarga rioya qiling, notanish shaxslar yuborgan xatlarni ochmang, pandemiyaga oid axborotlar bilan faqat rasmiy saytlar orqali tanishing, deya maslahat bermoqda mutaxassislar.