Og‘ir atletika: Osiyo rekordi Toshkentda yangilandi
Poytaxtimizda o‘tayotgan Osiyo chempionati bahslarining yakunlanishiga bir kun qolganda O‘zbekiston yoshlar va o‘smirlar terma jamoasining umumiy medallari soni 52 taga yetdi.
Bugun, 14-avgust kuni poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida o‘tayotgan Osiyo chempionatining so‘nggi kunida yigitlar -110, +110, qizlar -86, +86 kilo og‘irlikda qit’a chempionligi uchun kurash olib boradi.
Kun davomidagi bahslarda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari Nodir Jo‘rayev va Omadillo Olimov qit’aning eng mahoratli og‘ir atletikachilari bilan bahslarga kirishadi.
Qit’a chempionatining ortda qolgan yettinchi kungi musobaqalarida mamlakatimizning o‘smir og‘ir atletikachilaridan Bekzod G‘ofirjonov, Muhammadshokir Turdaliyev, Alisher Osmanov, Elbek Idiyev -95 va +95 kiloda, Dilnura Xoldorova, Dilnoza Fayzullayeva va Hulkar Ro‘ziqulova qizlar o‘rtasidagi -77 va +77 kilogramm vaznda o‘z omadini sinovdan o‘tkazdi.
30 dan ziyod mamlakatlarning iste’dodli og‘ir atletikachilari qatnashayotgan qit’a chempionatining kecha o‘tkazilgan musobaqalarning ilk bosqichida terma jamoamiz a’zosi Dilnura Xoldorova -77 kg. vazn toifasida 98 hamda 101 kg. og‘irlikdagi toshlarni muvaffaqiyatli ko‘tarib bronza, Dilnoza Fayzullayeva 100 kg. natija bilan dast ko‘tarishda bronza medalini qo‘lga kiritdi.
+77 kg. vazn toifasida bahs olib borgan iste’dodli sportchimiz Hulkar Ro‘ziqulova dast ko‘tarish mashqida 94, 98 hamda 102 kg. og‘irlikdagi toshlarni muvaffaqiyatli ko‘tarib, bronza medal bilan taqdirlandi.
Chempionatning -95 kg. vazn toifasidagi bahslar terma jamoamiz vakillari uchun omadli kechdi.
O‘smirlar o‘rtasida Muhammadshokir Turdaliyev siltab ko‘tarishda 196 kg. natija qayd etib, oltin medalga ega chiqishi ortidan Osiyo rekordini yangiladi. Ikki kurashda esa 349 kg. natija bilan kumush medal sohibiga aylandi.
Alisher Osmonov siltab ko‘tarishda 184 kg. natija bilan bronza, ikki kurashda 335 kg. qayd etib, yana bir bronza medaliga ega chiqdi.
Yoshlar o‘rtasida Bekzod G‘ofirjonov siltab ko‘tarishda 205 kg. natija bilan kumush medalni, ikki kurashda esa 362 kg. natija bilan yana bir kumush medal sohibi bo‘ldi.
Og‘ir atletikachilarimizning -95 kg. vazn toifasida 1 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritgani ushbu og‘irlikda iqtidorli yoshlar safi ortganini ko‘rsatdi.
Musobaqaning +95 kg. vazn toifasida Vatanimiz sharafini himoya qilgan Elbek Idiyev dast ko‘tarishda 151, 154 va 157 kg., siltab ko‘tarishda 190 hamda 198 kg. og‘irlikdagi toshlarni bo‘ysundirib, ikki kurash yakuniga ko‘ra, uchta bronza medalini terma jamoamiz hisobiga qo‘shdi.
Aytish lozim, bugungacha mamlakatimiz o‘smirlar va yoshlar terma jamoasi a’zolari Osiyo chempionatida qo‘lga kiritgan umumiy medallar soni 52 taga yetdi. Shundan, o‘smirlar terma jamoamiz a’zolari 5 ta oltin, 10 ta kumush, 9 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, yosh og‘ir atletikachilarimiz 6 ta oltin, 8 ta kumush, 14 ta bronza medallariga egalik qildi.
G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimlarida Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) prezidenti Muhammad Jalud al-Shammari hamda Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Al-Mana, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov va boshqalar ishtirok etdi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
Alimurod Mamadaminov(foto), O‘zA