Odam sochi dengizda neftga qarshi qurolga aylandi
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shtati Guanabara qo‘ltig‘ida inson sochidan tayyorlangan maxsus to‘siq suvdagi neft va boshqa zararli moddalarni ushlab qolish uchun sinovdan o‘tkazilmoqda. G‘oyani “Fiotrar” nodavlat tashkiloti amalga oshirmoqda. Sartaroshxonalardan yig‘ilgan, parik tayyorlashga yaroqsiz sochlar silindrsimon moslamaga joylanib, suvdagi mavjud chiqindi to‘sig‘iga mahkamlanadi. Loyihaning dastlabki sinovi Enseada-di-Bom-Jezus hududida o‘tkazildi.
Mutaxassislar fikricha, sochli moslama neft, biodizel va boshqa ifloslantiruvchi moddalarni shimib, tarqalishini cheklaydi. Bir to‘siq suvda to‘rt oygacha qolishi mumkin. Mazkur tashabbus kemadan chiqadigan moddalar, noqonuniy oqova va boshqa manbalar orqali yuzaga keladigan ifloslanishga qarshi qo‘llanadi. Bunday usul avval Chili va Amerika Qo‘shma Shtatlarida ham sinovdan o‘tkazilgan.
Sinov uchun Guanabara qo‘ltig‘i tanlanishi bejiz emas. Kema qatnovi jadal bo‘lgan bu hudud bir necha o‘n yildan beri ifloslanish muammosi bilan yuzma-yuz. Mahalliy baliqchi Serjio Karvalo aytishicha, to‘r tashlanganda tez-tez neft iziga duch kelinadi. Bu holat baliq oviga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Neft suv yuzasida qolib ketmay, taxminan 1,5 metr chuqurlikkacha ta’sir qiladi va baliqlar yo‘qolishiga sabab bo‘ladi.
Tashabbusning yana bir muhim jihati – xom ashyo deyarli tugamaydi. Hozir o‘nga yaqin sartaroshxona kesilgan sochni muntazam ravishda loyihaga topshirmoqda. Tashkilot asoschisi Mariana Robran esa sochdan samarali maqsadda ilk bor foydalanayotgani yo‘q: 2013-yil saraton bilan kasallangan bemorlar uchun ehson qilingan sochdan parik tayyorlashga qaratilgan “Kabelegriya” loyihasini boshlagan. Endi esa odamlar odatda chiqindiga tashlaydigan soch dengiz ifloslanishiga qarshi kurash vositasiga aylanmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA