“Odam savdosi” jinoyati fosh etildi
Ma’lumki, odam savdosi transmilliy, ya’ni hudud va chegara tanlamaydigan jinoyatlar sirasiga kiradi. Uning qurbonlar soni ortib borayotgani va ushbu xavfdan O‘zbekiston ham holi emasligi ayni haqiqat.
Shuning uchun doimiy ravishda bu illatga qarshi Respublika huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qat’iy chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, Toshkent viloyati IIBB tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi nazorat tadbirida 20 yoshli qiz "odam savdosi" qurboni bo‘lishining oldi olindi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda Angren shahrida yashovchi 2004 yilda tug‘ilgan (A.R.) oson pul topish maqsadida o‘ziga tanish bo‘lgan 20 yoshli qiz (S.T.)ni aldab, uni mo‘may daromad topishga ishontirib Toshkent xalqaro aeroporti orqali Dubay shahriga jo‘natayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlandi.

Ma’lumotga ko‘ra, yigit yosh qizni jo‘natayotgani uchun Dubay shahrida yashovchi ayol tanishidan 2 ming AQSH dollari miqdoridagi pulni olgan.
Hozirda qo‘lga olingan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 135-moddasi (ya’ni Odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
A.Musayev,O‘zA.