Odam savdosi – davr balosi
Buxoro shahrida Respublika «Istiqbolli avlod» ijtimoiy-axborot markazi tomonidan “Odam savdosi ustidan jinoiy javobgarlikni kuchaytirishda huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektorlarining roli” mavzusida o‘quv seminar-trening o‘tkazildi.
Unda viloyat IIB HPB, IIB TEKKB Odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari, keng jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasining 2008 yil 17 aprelda “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilingan. Mamlakatimizda bu global muammoga qarshi kurashish, undan jabrlanganlarni himoyalashning huquqiy asoslari yaratilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming inson odam savdosi jabrlanuvchisiga aylanmoqda. olti yuz, sakkiz yuz nafar ayol va bolalar aldov yo‘li bilan chet ellarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda. Bunday jinoyatlar afsuski respublikamizda ham mavjud bo‘lib, fuqarolar turli aldov va firibgarliklar qurboniga aylanib qolmoqda. Kuzatishlar va xulosalar shuni ko‘rsatmoqdaki, odam savdosidan aziyat chekayotgan jabrlanuvchilar orasida ayollar va voyaga yetmagan yoshlar borligi bizni yanada hushyorlikka chorlaydi.
Seminarda Odam savdosining oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha milliy huquqiy-normativ hujjatlar mazmun-mohiyati ishtirokchilarga taqdimot shaklida tushuntirildi.
– Seminar-treningdan asosiy ko‘zlangan maqsad, odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha qayta yo‘naltirish mexanizmini takomillashtirish, – deydi viloyat IIB XPB boshlig‘i o‘rinbosari, Xotin-qizlar masalalari bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Dilfuza Sharopova. – Shuningdek, adashganlarni himoya qilish, ularga yordam berish va ushbu holat yuzasidan jinoiy javobgarlikni kuchaytirishda huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektorlarining rolini oshirgan holda odamlar ishonchini qozonishdir.
– Ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda dolzarb mavzudagi taqdimotlarda qatnashdi, – deydi Respublika «Istiqbolli avlod» ijtimoiy-axborot markazi rahbari Lola Karimova. – Turli holatlar bo‘yicha fikrlar bildirildi. Zamondoshlarimizni hushyorlik, ogohlikka da’vat etsak, ularni odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi firibgarlarning tuzog‘iga tushib qolishdan asragan bo‘lamiz. Odam savdosiga qarshi kurashishda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ushbu illatning xavfi va oqibatlari haqida tushuntirishlar olib borish fuqarolarni vaziyatdan ogoh etish, jirkanch jinoyat sodir etilishining oldini olishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Bizning bosh maqsadimiz jinoyat orqasidan yengil hayot kechirib, noqonuniy pul topmoqchi bo‘lganlar qismatidan ayollar, ayniqsa yoshlarni ogoh etib, hushyorlikka chaqirishdir.
Zarif Komilov, O‘zA