Odam savdosi bilan shug‘ullanganlar ushlandi
Toshkent viloyatida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng ko‘lamli tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi doirasida odam savdosi bilan bog‘liq bir nechta jinoiy harakatlarga chek qo‘yildi. Tezkor tadbirlar natijasida 4 nafar fuqaroning aldov yo‘li bilan xorijga olib chiqilib, shahvoniy ekspluatatsiyaga jalb etilishining oldi olindi.
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda aniqlanishicha, jinoyatga aloqador shaxslar Turkiyadagi sheriklari bilan til biriktirib, ayollarni yuqori daromadli ish va’dasi bilan aldab, Istanbul shahriga yuborishga uringan. Xususan, Chirchiq shahrida yashovchi 1991-yilda tug‘ilgan ayol, Turkiya davlati, Istanbul shahrida yashovchi tanishlari bilan jinoiy til biriktirib, oson daromad orttirish maqsadida Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi 21 yoshli ayolni aldov yo‘li bilan chet elga yuborishga uringan. Ushbu shaxs, ayolni xorijda mo‘may daromad topishga ishontirib, Toshkent xalqaro aeroporti orqali, Istanbulga fohishalik qilish uchun yuborayotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlab qolindi.

Ma’lum bo‘lishicha, jabrlanuvchini Istanbulda yashovchi boshqa o‘zbekistonlik ayol kutib olishi kerak bo‘lgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Navbatdagi tezkor tadbirda esa, Bo‘stonliq tumanida yashovchi 24 yoshli ayol odam savdosi qurboni bo‘lishining oldi olindi. Samarqand viloyatida yashovchi 1999-yilda tug‘ilgan ayol Turkiyada yashovchi tanishlari bilan jinoiy til biriktirib, tumanda yashovchi 24 yoshli qizga, qanday ish ekanini aytmay, aldov yo‘li bilan uni chet elga yuborishga uringan. Ayol uni Toshkent xalqaro aeroporti orqali Istanbul shahriga shahvoniy ekstraditsiya, fohishalik uchun yuborayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, jabrlanuvchini Istanbulda yashovchi turkiyalik sherigi kutib olishi kerak bo‘lgan. Hozirda ushbu ayolga ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tezkor xodimlar tomonidan aynan Bo‘stonliq tumanida yana davom ettirilgan nazorat tadbirida shu kabi yana bir holat fosh etildi. Andijon viloyati Asaka shahrida yashovchi 1987-yilda tug‘ilgan shaxs, xorijda yashovchi tanishlarining taklifiga ko‘ra, o‘ziga tanish bo‘lgan, 24 yoshli ayolni chet elga yuborishga urinayotgan edi. Toshkent xalqaro aeroportida ular ham daliliy ashyolar bilan ushlandi va jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Shu kabi yana bir holatda, Angren shahrida yashovchi 29 yoshli ayolning ham aldanib qolishiga chek qo‘yildi. Achinarlisi, ushbu nazorat tadbirida, 20 yoshli ayol, 30 yoshli tanishini, oson daromad topishiga ishontirib, yolg‘on ishni va’da qilgan. Aslida esa uni Turkiyadagi tanishi bilan til biriktirib, u yerdagi tungi klubda ishlash uchun yuborayotgan vaqtida Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatib qolindi.
Mutaxassislar fuqarolarni xorijda ishlash bo‘yicha shubhali takliflarga ishonmaslikka, faqat rasmiy va qonuniy mehnat migratsiyasi mexanizmlaridan foydalanishga chaqirmoqda. Odam savdosi bilan bog‘liq har qanday shubhali holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga zudlik bilan murojaat qilish tavsiya etiladi.
A. Musayev, O‘zA