Odam savdosi – asr vabosi...
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudi sudyalari Farhod Shukurov, Sherzod Yuldashev, Muzaffar Kukiyev, Anvar Dusmurodov tomonidan tumanidagi «So‘g‘diyona» MFYda mahalla faollari ishtirokida «Odam savdosiga qarshi kurashishda sudlarning o‘rni» mavzusida sayyor uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar qildi...
Ishtirokichilarga mamlakatimizda so‘nggi yillarda odam savdosi, xususan chaqaloqlar va bolalar savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, bu yo‘nalishda qabul qilingan qonunlar va davlat dasturlari, amaliy sa’y harakatlar, shuningdek mazkur turdagi jinoyatlarni, xususan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) bilan bog‘liq ishlarning sudlarda ko‘rish amaliyoti va ular uchun belgilangan javobgarlik masalalari hamda mazkur toifadagi jinoyatlarning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar va ijtimoiy omillar xususida ma’ruza qilindi.
«Dunyo mamlakatlari xalqaro munosabatlarda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, iqtisodiy, ijtimoiy, ilm-fan, ta’lim sohalarida hamkorlik qilish, umuminsoniy qadriyatlar bilan bog‘liq muammolarni birgalikda hal etishga alohida e’tibor qaratmoqdalar. Buning natijasida mamlakatlararo migratsiya jarayonlari birmuncha faollashdi, fuqarolarning mehnat qilish, ta’lim olish, turizm va shu kabi turli maqsadlarda boshqa davlatlarga chiqishi, erkin faoliyat olib borishi uchun imkoniyatlar yanada kengaydi. Ijobiy o‘zgarishlar bilan bir qatorda ayrim transmilliy jinoyatlarning ortishi ham kuzatilmoqda. Odam savdosi ham ana shunday jinoyatlardan biridir. Odam savdosi – inson, uning sha’ni, qadr-qimmati, osoyishta turmushi hamda kelajagiga tahdid solayotgan transmilliy uyushgan jinoyatchilik ko‘rinishlaridan biri bo‘lib, o‘zining chegara tanlamasligi hamda girdobiga asosan yoshlarni va ayollarni tortayotganligi bilan barchada katta tashvish va xavotir uyg‘otmoqda. Insonni ulug‘lash, uning huquq va erkinligi himoyasini ta’minlash asosiy qadriyatga aylangan bir davrda, bu mudhish illat noqonuniy qurol savdosi, giyohvandlik vositalarining g‘ayriqonuniy muomalasi kabi og‘ir oqibatlarni keltirib chiqaradi», deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudi sudyalari Farhod Shukurov.
Darhaqiqat, uchrashuvda ta’kidlanganidek, odam savdosi jinoyatchilar uchun serdaromad manba bo‘lib qolmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, dunyo bo‘yicha odam savdosidan tushadigan yillik daromad 7 mlrd. AQSH dollaridan oshmoqda. Afsus bilan ta’kidlash kerakki, dunyoda «odam savdosi» bozori va unga talab kundan-kunga oshib bormoqda. Shu bois jinoiy tuzilmalar ushbu noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanishning turli yo‘llarini qidirish, maqsadini amalga oshirishni yengillashtirish uchun xalqaro jinoiy uyushmalar tashkil etish, davlat xizmatchilarini o‘zlariga og‘dirish payida bo‘ladilar. Bu esa transmilliy uyushgan jinoyatchilik, korrupsiya kabi xavfli illatlarning keng yoyilishiga sabab bo‘ladi.
«Odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar o‘z kirdikorlarini yashirish maqsadida bunday savdoning qurboniga aylanayotgan shaxslarni imkon qadar e’tibordan chetda tutishga harakat qiladilar. Avvalo, buning uchun odamlarni xorijga noqonuniy yo‘llar bilan olib chiqishga, pasport va shaxsiy hujjatlarini qalbakilashtirishga urinadilar. Bu holat esa noqonuniy migratsiya salmog‘ining ortishiga, muayyan davlat hududiga noqonuniy kirib kelganlar sonining ortib, iqtisodiy, demografik va kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga, shuningdek, xorijga chiqish va muayyan davlat hududida bo‘lish qoidalarining buzilishiga olib keladi. Odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar bunday savdoning qurboniga aylanayotganlarni imkon qadar o‘z nazoratida ushlab turish va ko‘proq foyda olish maqsadida, ularning pasport, migratsiya kartochkasi kabi shaxsiga oid hujjatlarni noqonuniy egallab, xorijiy davlatda erkin harakatlanish, himoyasi ostida bo‘lgan davlatning tegishli vakolatxonalariga murojaat etishiga to‘sqinlik qiladilar. Oqibatda bunday shaxslar o‘zini huquqiy himoyalash imkoniyatidan mahrum etiladi”, deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudi sudyalari Sherzod Yuldashev.
Odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar o‘z xususiyatiga ko‘ra latent xarakterga egaligiga to‘xtalgan sudya so‘zini davom ettirarkan, buning sabablarini tushuntirdi. – Chunki, odam savdosi qurbonlari ularga nisbatan jismoniy yoki ruhiy tazyiq o‘tkazilganligi haqidagi ma’lumotlar oshkor bo‘lishi yoki o‘zining noqonuniy xorijga chiqqanligi fosh bo‘lishidan cho‘chib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etmaydilar. Bunday holat odam savdosi bilan shug‘ullangan shaxslarning javobgarlikdan qutulib qolishiga hamda jinoiy faoliyatini davom ettirishiga olib keladi. Shu bois, dunyo mamlakatlarida odam savdosiga qarshi kurash masalasiga jiddiy e’tibor qaratilib, bu tadbirga davlat idoralari, qolaversa, jamoat tashkilotlari, o‘quv muassasalari, ommaviy axborot vositalari keng jalb etilmoqda. Dunyoda odam savdosi bilan bog‘liq vaziyat tahlili bu boradagi ahvolning hamon jiddiyligicha qolayotganligini ko‘rsatmoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudi sudyasi Anvar Dusmurodov esa respublikamizda kriminogen vaziyat tahlili odam savdosiga qarshi kurashish, unga imkon beradigan shart-sharoitlarni bartaraf etish oqibatlarini mumkin qadar yengillashtirish yuzasidan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligi xususida to‘xtaldi.
– Masalan, Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi ikki ayol jinoiy sheriklari bilan til biriktirib, bir necha guruh qizlarni aldash yo‘li bilan Qirg‘iziston Respublikasi orqali Dubay shahriga yuborgan. U yerda ularni kutib olgan jinoiy guruhning a’zosi bo‘lgan yana bir ayol qizlarning fuqarolik pasportlarini olib qo‘yib, o‘zlarini esa bir yil davomida fohishalik bilan shug‘ullanishga majbur etgan. Yoki, Toshkent shahrida yashovchi erkak va boshqalar faoliyati tugatilgan sho‘ba korxonaning muhri va hujjatlaridan foydalangan holda ushbu korxonani xorijda ish bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi tashkilot ekanligiga odamlarni ishontirgan. Uning «xizmat»idan foydalanish istagini bildirgan 56 nafar fuqarolarni aldov yo‘li bilan Qozog‘istonga olib chiqib, noma’lum shaxslarga sotib yuborgan. Oqibatda respublikamiz fuqarolarining shaxsiy hujjatlari olib qo‘yilib, o‘zlari noma’lum shaxslar tomonidan Nur-Sulton (Sobiq nomi Astana)da majburiy tarzda ishlatilgan.
Odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar haqida bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Bu toifadagi jinoyatlarga qo‘l urgan shaxslarning 40 foizini ayollar tashkil etganligi joylarda mahalla, xotin-qizlar qo‘mitalari, hokimliklar huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va boshqa mutasaddi idoralarning bunday salbiy holatlarga qarshi hamkorlikda, faol ish olib borishlarini taqozo etadi.
Odam savdosi kabi jinoiy faoliyatni amalga oshirish uslublarining tahlili aksariyat hollarda fuqarolarni majburiy mehnat yoki fohishalik bilan shug‘ullantirish maqsadlarida foydalanish uchun respublikamiz hududidan yashirin ravishda olib chiqib ketilayotganligini ko‘rsatmoqda. Insonning sha’ni va qadr-qimmati hurmat va e’zozga loyiq. Unutmaslik lozim, insoniy qadriyatlarni toptashga uringan har qanday shaxsga qonun oldida javobgarlik muqarrar!
Sayyor uchrashuvda odam savdosi sohasidagi jinoyatlar va ularning zamonaviy ko‘rinishlari, bu turdagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha odil sudlov amaliyoti, odam savdosidan jabrlangan chaqaloqlar va bolalarni ijtimoiy himoyalash choralari, odam savdosiga qarshi kurashishda jamoatchilik ishtiroki va hamkorligining ahamiyati, mazkur sohadagi qonunchilikni takomillashtirish masalalari muhokama etildi va o‘zaro fikr almashildi.