Ochiqlik va shaffoflik – eng muhim omil
Sirdaryo viloyati hokimligida “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ochiqligini ta’minlash milliy tizimining tashkiliy-huquqiy asoslari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Sirdaryo viloyati hokimligida “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ochiqligini ta’minlash milliy tizimining tashkiliy-huquqiy asoslari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, Prezident Administratsiyasi huzuridagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.
Unda viloyatdagi tashkilot, korxona, boshqarmalar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining matbuot xizmati rahbarlari, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdi.
Seminarda “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining asosiy qoidalari”, “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ochiqligini ta’minlash: huquqlar va majburiyatlar”, “Faoliyat ochiqligini ta’minlashda axborot xizmatlarining roli: eng yaxshi amaliyot na’munalari” mavzularida soha mutaxassislarining ma’ruzalari tinglandi.
Jonli muloqot tarzida o‘tgan seminarda ishtirokchilar sohani yanada rivojlantirish, jumladan, tashkilot, korxona, boshqarmalar va mahalliy davlat hokimiyati organlari matbuot xizmatlarining ma’naviy va moddiy texnika bazasini mustahkamlash, viloyat, tuman, shahar hokimliklari bosma nashrlarini mahalliy hokimliklarning, tarmoq nashrlarini tashkilot, korxona, boshqarmalarning zaxira fondlari hisobidan hech bo‘lmasa 50 foizga moddiy ta’minlash, professional jurnalist kadrlar taqchilligi muammosini bartaraf etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Seminar ishtirokchilari tomonidan berilgan savol va ko‘tarilgan masalalarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Erkin Xolbo‘taev atroflicha javob berdi.