Ochiq elektron savdolar halol raqobat mezoni
Termiz shahridagi Matbuot uyida Respublika tovar-xom ashyo birjasi Surxondaryo viloyati filiali tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Termiz shahridagi Matbuot uyida Respublika tovar-xom ashyo birjasi Surxondaryo viloyati filiali tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Respublika tovar-xom ashyo birjasi Surxondaryo viloyati filiali direktori I.Yarmatov mamlakatimizda davlat xaridlarining ochiq va shaffofligi ta’minlanayotgani mahsulotlarni halol raqobat tamoyillari asosida onlayn rejimida erkin narxlarda sotishda o‘z samarasini berayotganini alohida ta’kidladi.
Bu jarayonda bozor mexanizmlari keng joriy etilayotgani xorijlik ishlab chiqaruvchilar bilan raqobatlasha oladigan, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘yishga xizmat qilmoqda.
Anjumanda birja faoliyati, elektron savdolarning tartib- taomillari haqida atroflicha ma’lumot berilib, videorolik namoyish etildi.
– Tovar-xom ashyo birjasi viloyat filialining 20 savdo maydonchasi va 57 brokerlik idorasi xizmat ko‘rsatmoqda, – deydi Respublika tovar-xom ashyo birjasi Surxondaryo viloyati filiali direktori I.Yarmatov. – Joriy yilning o‘tgan davrida birja savdosi orqali 329 milliard 900 million so‘mlik, 3 milliard 400 million so‘mlik ko‘rgazma-yarmarka savdosi orqali mahsulot sotildi. 63 milliard so‘mlik davlat xaridlari, 13 milliard 300 million so‘mlik korporativ xaridlar amalga oshirildi. 4 milliard 102 million so‘mga 1 ming 494 avtoraqam sotildi.
Tadbirda don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar xususida ham atroflicha fikr almashildi. Iste’molchilarni un va qolipli non mahsulotlari bilan uzluksiz taminlashda narxlar asossiz oshib ketishining oldini olish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Qiziqarli bahs-munozaralarga boy bo‘lgan tadbirda viloyat monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasi, viloyat moliya boshqarmasi, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi mas’ul xodimlari ham ishtirok etib, mavzuga oid savollarga atroflicha javob berdi.