Obodlikka yuz tutgan – Buzaubay
Bizning “Uzunquduq” ovul fuqarolar yig‘ini «Bazaubay” ovuli Uchquduq tumani markazidan qariyb 120 kilomter, tuman markazi esa viloyat markazidan qariyib 350 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Ammo shunga qaramasdan yurtimizda olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida bugun mahallamiz obod va ko‘rkam go‘shaga aylandi.
“Obod qishloq” dasturi bugun chekka-chekka hududlardagi aholi punktlarida barpo etilayotgan zamonaviy uy-joylar, ta’lim muassasalari, dam olish maskanlariyu qator xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining yangicha qiyofasida o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Odamlarning hayotdan mamnunligi, zarur qulaylik va imkoniyatlarga ega bo‘lgan maskanlarda yashayotganidan shodonlik hissi zamirida bir haqiqat — qishloqlarni obod qilish yo‘lidagi islohotlar yotibdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ovulda 15-umumta’lim maktabi 1 milliard 785 million so‘m mablag‘, 9-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti filiali bo‘lgan ovul bolalar bog‘chasi binosi 495,5 million so‘m mablag‘ evaziga to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Shuningdek, 1 milliard 647,6 million so‘m mablag‘ sarflanib, 1,8 kilometr ovul ichki yo‘llariga asfalt yotqizilgan bo‘lsa, yana 0,9 kilomter yo‘lga qum-shag‘al qoplamasi to‘shaldi. 1 milliard 159 million so‘m mablag‘ evaziga ovuldagi transformator, 6,5 kilomter uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i mukammal ta’mirlanib, 6 kilomter uzunlikda elektr uzatish tarmog‘i yangidan tortildi. Ijtimoiy ko‘makka muhtoj 7 ta oilaning yashash xonadonlari 75 million so‘m mablag‘ sarflanib ta’mirlab berildi.

E’tiborlisi, tuman hokimligi homiyligida 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabi qoshida tashkil etilgan tikuvchi xonada hunar o‘rganishga qiziqqan xotin-qizlar hamda tikuvchilik sirlarini o‘rganishga ishtiyoqmand o‘quvchi-qizlar hunar egallamoqda.
Xullas, keyingi 2-3 yil ichida hududimiz garchi cho‘l hududi sanalsada, bu yerda misli ko‘rilmagan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Aholi turmush darajasida ham har tomonlama o‘sishga erishilmoqda. Ularning yashash sharoiti o‘zgarmoqda. Hullas, bugun yurtimizning qaysi go‘shasiga bormang kunda bir o‘zgarish, yangilik. Zero, obod yurtda fayz – baraka bo‘ladi, odamlar o‘rtasida mehr – oqibat hukm suradi, turmush farovon bo‘ladi.
Tajidaulet Janayev,
“Uzunquduq” ovul fuqarolar yig‘ini raisi