Obodlik, ozodalik bor joyda baraka boʻladi
Surxondaryo viloyatida “Jonajon yurtim obodligiga oʻz hissamni qoʻshaman” shiori ostida boshlangan ezgu aksiya doirasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari koʻlami kengayib bormoqda.
Surxondaryo viloyatida “Jonajon yurtim obodligiga oʻz hissamni qoʻshaman” shiori ostida boshlangan ezgu aksiya doirasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari koʻlami kengayib bormoqda.
Aslida har bir ayyom arafasida boquvchisini yoʻqotgan, kam taʼminlangan oilalar va yolgʻiz keksalar xonadonlariga hashar uyushtirib, ularning uy-joylarini tartibga keltirishga koʻmaklashib keldik. Hovlilarini supurib, xonadonlarining devorlarini oqladik. Oʻzimizcha dov-daraxtlariga shakl berdik. Lekin, koʻchalarni obodonlashtirishga eʼtibor qaratmadik. Uyning oshxonasi, tandirxonasi, hammomi va boshqa yordamchi xoʻjaliklari tartib bilan barpo etilganmi yoki oʻzboshimchalik bilan betartib qurib qoʻyilganmi? Bu koʻchadagi boshqa xonadonlarning qiyofasi, qurilishi qanaqa? Ehtimol ularning ham uylarida nobop qurilgan binolar, mahalla va koʻcha husniga dogʻ tushuradigan yordamchi inshootlari bordir? Afsuski, masalaning bu tomonlariga ahamiyat bermadik.
Mamlakatimiz boʻylab “Obod xonadon“, Obod koʻcha” va “Obod mahalla” tamoyili asosida oʻtkazilayotgan dolzarb uch oylik uzoq yillar davomida eʼtiborimizdan chetda qolayotgan ana shu qusurga barham berayotgani bilan yoshu-keksani ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatlashga undadi. Nafaqat, xonadon balki, koʻcha va mahallalarni obodonlashtirishga kirishildi.
Surxondaryo viloyatida “obod xonadon”, “obod koʻcha”, “obod mahalla” tamoyilini amaliyotga joriy etish boʻyicha viloyat shtabi tashkil etilib, “Jonajon yurtim obodligiga oʻz hissamni qoʻshaman” shiori ostida amalga oshiriladigan harakatlar rejasi ishlab chiqildi. Mazkur oylikni yuksak saviyada tashkil etish yuzasidan seminarlar tashkil etilib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi. Nuroniylar jamoatchilik kengashlarining “Jonajon yurtim obodligiga oʻz hissamni qoʻshaman” shiori ostida aholiga murojaati targʻib qilinib, aksiyaning mazmun-mohiyati odamlarga atroflicha tushuntirildi.
Tahlillarga koʻra, viloyatdagi 721 ta mahalla fuqarolar yigʻinida 450 mingdan ortiq xonadon mavjud. Ularning 41 ming 967 tasi 868 ta koʻp qavatli uylarda joylashgan. Mahallalar hududida 7 ming 363 koʻcha bor.
– Uch oylikda amalga oshiradigan rejamizga muvofiq 64 ming 890 xonadonni taʼmirlash belgilab olindi, – deydi viloyat mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi, viloyat hokimi oʻrinbosari A.Xoʻjaqulov. – Shunga koʻra, bir kunda bitta mahalladagi bitta xonadonni sifatli taʼmirdan chiqaradigan boʻlsak, bir kunda 721 ta xonadon, 30 kunda 21 ming 630 ta va 90 kunda 64 ming 890 ta xonadonni toʻliq taʼmirlashga erishamiz. Shu kungacha 12 ming 342 xonadon toʻliq taʼmirlanib, 247 ta xonadonning tom qismi tuzatildi. 1 ming 853 ta xonadonning fasad qismi, 246 ta xonadonning ichki xonalari, 2 ming 711 xonadonning devori, 122 ta xonadonning yoʻlaklari tartibga keltirildi. 1 ming 355 ta tandirxona, 1 ming 106 ta oʻchoqxona, 737 ta molxona, 490 ta qoʻyxona, 985 ta tovuqxona, 142 ta somonxona, 132 ta oʻtinxona, 2 ming 216 ta xonodonning boshqa yordamchi xonasi taʼmirlandi. Bu ezgu tadbirni shu zaylda davom ettirib, avgust oyining birinchi oʻn kunligida “Obod xonadon”, “Obod koʻcha”, “Obod mahalla” koʻrik-tanlovlarini yakunlashni va mustaqillik bayrami arafasida gʻoliblarni taqdirlashni rejalashtirib olganmiz.
Vohada istiqomat qilayotgan aholining 626 ming nafari koʻp qavatli, 1 million 666 ming nafari yakka tartibdagi uylarda yashaydi. Dolzarb uch oylik doirasida xonadonlar bilan birga koʻcha va ichki yoʻllarning tartibga keltirilib, taʼmirlanayotgani eʼtiborga sazovordir.
Viloyat shtabidan maʼlum qilishlaricha, qisqa kunlarda hududlardagi 1 ming 728 ta koʻcha va ichki yoʻllar tartibga keltirilib, 77,6 kvadrat-metr asfalt yoʻllar taʼmirlandi, 246,7 kilometr koʻchaga shagʻal yotqizildi. 56 mingdan ortiq daraxtlarga shakl berilib, oqlandi. Koʻcha va ichki yoʻllar atrofiga 96 ming 738 dona gul koʻchati ekildi, 1 ming 988 kilometr ariq va zovurlar tozalanib, 359,3 tonna maishiy chiqindi chiqarib tashlandi. 399 ta chiqindixona, 50 kilometr elektr simlari tartibga keltirilib, 244 ta tungi yoritgich oʻrnatildi. 20 ta koʻchaga oqova suv keltirildi.
Dolzarb oylik mazmun-mohiyati keng targʻib qilinayotgani vohaning barcha hududlarini qamrab olib, ishlar koʻlamini yana-da kengaytirayotgani bilan ahamiyatli boʻlmoqda. Masalan, viloyatda 94 mahalla temir yoʻl yoʻnalishi atrofida joylashgan. Ularda 21 ming 352 xonadon mavjud. Uch oyda ushbu xonadonlarning 1 ming 505 tasi taʼmirlanadi. Shu kungacha 598 ta xonadon, 278 ta koʻcha obodonlashtirilib, temir yoʻl atrofidagi 62 ta bino tartibga keltirildi. Sifatli taʼmirlanib, temir yoʻl boʻyiga oʻzgacha koʻrk bagʻishlay boshladi.
Joylarda olib borilayotgan bunday ulkan bunyodkorlik ishlari yangi koʻrinishga ega boʻlayotgan xonadon sohibu sohibalariga bir olam quvonch ulashayotir. Uy-joyiga eʼtiborli boʻlish, obod va ozoda goʻsha zavqini tuyib yashash hissini yana-da kuchaytirmoqda.
– Imkoniyatimiz yetmayotganidan yordamchi binomiz andak nobop holga kelib qolgan edi, – deydi Bandixon tumani Obikor mahallasida yashaydigan X.Yusupov. – Bundan andakkina hijolat boʻlib turgan edik. Kuni-kecha hasharchilar kelib, yangisini qurib berishdi. Bu ishga oʻzimiz ham yaqindan koʻmaklashdik. Hovlimiz saronjam-sarishta, koʻzga yalt etib, tashlanadigan boʻlib qoldi. Bundan juda xursandmiz. Bu gʻoya tashabbuskorlaridan minnatdormiz.
Viloyatda amalga oshirilayotgan bunday ulugʻvor ishlar ehtiyojmand, kam taʼminlangan oilalar xonadonini, mahallalardagi koʻcha va yoʻllarni obodonlashtirib, ularning faxr tuygʻusini yuksaltirayotgani quvonarlidir. Ayni kunlarda viloyat mahallalarida boʻlsangiz, quloqqa xush yoqadigan bunday dil izhorlariga oʻzingiz ham guvoh boʻlasiz. Zero, obodlik, ozodalik bor joyda fayzu-baraka boʻladi. Odamlarning turmush darajasi yana-da oshadi.
Dolzarb uch oylikning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, harakatlar rejasi doirasida viloyatda roʻyxatga olingan 32 ming 595 ta ehtiyojmand va kambagʻal oilalar tahlil qilinib, shu kungacha ularning 9 ming 683 tasi oʻrganib chiqildi. Bu oilalarning 440 nafar aʼzosi aniq daromad manbaiga ega ishga joylashtirildi. Mehnatkashlik, xalqparvarlik, milliy madaniyat va urf-odatlarimizni eʼzozlash, sogʻlom turmush tarzi keng targʻib qilingan 4 ming 100 dan ortiq tadbir tashkil etilib, ularga 70 mingdan ortiq yurtdoshimiz qamrab olindi.
Viloyatda dolzarb uch oylik mamlakatimizda joriy etilgan karantin qoidalariga qatiy rioya etilgan holda uyushqoqlik bilan davom etmoqda.