Obod yurtga bayramlar yarashadi
FOTOREPORTAJ
Yangi Namangan tumanida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida targ‘ibot tadbirlari va obodonlashtirish ishlari izchil davom etmoqda.
Navbatdagi tadbir Mingterak mahallasida tashkil etildi. Unda mahalla ahli, nuroniylar va yoshlar ishtirok etdi. Ehson dasturxoni yozilib, bolajonlar tomonidan kuy-qo‘shiq va raqslar ijro etildi.
Tadbir ishtirokchilari yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik, mahallada amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari hamda aholi uchun yaratilayotgan qulayliklardan mamnunligini bildirdi.
Mahallada “Yangi O‘zbekiston qiyofasi” dasturi doirasida qator bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Jumladan, Saxovat, Binokor, 3-Avloniy, G‘ayratiy, Fitrat va Parvoz ko‘chalarining jami 10 kilometr ichki yo‘llari asfaltlandi. Ayni paytda aholi tashabbusi va uyushqoqligi bilan yo‘llarning ikki chetini betonlash ishlari ham olib borilmoqda. Bu esa yo‘llarning mustahkamligi va uzoq yillar xizmat qilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
[gallery-30888]
Tumanning Yoshlik mahallasida ham aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2-Islomobod ko‘chasida 198 ta elektr tayanch ustuni o‘rnatilib, 3 ta transformator punkti hamda 5,8 kilometr yangi elektr tarmog‘i qurilmoqda. Loyiha yakunlangach, 300 nafar aholining elektr ta’minoti yaxshilanadi.
Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” dasturi mablag‘lari hisobidan Islomobod va Tabarruk ko‘chalaridagi 2 kilometr ichki yo‘l asfaltlandi.
Mingchinor mahallasidagi Sanoat ko‘chasida ham yo‘llarni asfaltlash ishlari olib borilib, aholi va transport harakati uchun qulay sharoit yaratilmoqda. Ko‘chadagi irrigatsiya tizimi bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilmoqda. Ayni paytda piyodalar yo‘lakchasini tashkil etish ishlari davom etyapti.
Mahallalarda amalga oshirilayotgan bunday bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari aholi uchun qulay sharoit yaratish barobarida hududlar qiyofasini yanada obod va ko‘rkam etmoqda. Eng muhimi, ezgu ishlar Mustaqillikning 35 yilligi arafasida mahalla ahliga quvonch bag‘ishlab, bayramga munosib tuhfa bo‘lmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA