Obod mahalla — farovon hayot maskani
FOTOREPORTAJ
Navoiy viloyati Nurota tumani markazidagi Ibn Sino mahallasida 780 oilada 3 ming 200 nafarga yaqin turli millat vakillari ahil-inoq istiqomat qilmoqda.
Tuman markazidan 2 kilometr masofada joylashgan mahalla Mirishkor, Nurfaxr, Nurobod va G‘afur G‘ulom mahallalari bilan chegaradosh. Hududda aholi bandligini ta’minlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mahalladagi ko‘plab xonadonlarda issiqxonalar tashkil etilgan. Ularda limon va turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilib, ichki bozorga yetkazib berilmoqda. Jumladan, Ahmad Ostonov xonadonidagi issiqxonada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-30800]
Tadbirkor Daminjon Zinniyev tomonidan plastik mahsulotlar ishlab chiqarish tashkil etilgan. Yakka tartibdagi tadbirkor Zovqiddin Qobilov esa parrandachilik bilan shug‘ullanib, broyler tovuqlar yetishtirish orqali ichki bozorni go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlashga hissa qo‘shmoqda.
Mahallada qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 10 ga yaqin sex faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yerda kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Hududda obodonlashtirish va infratuzilmani yaxshilash ishlari ham izchil davom etmoqda. Jumladan, tuman tibbiyot birlashmasi, markaziy dorixona va tuman sanitariya-epidemiologiya bo‘limi joylashgan ko‘chalar to‘liq asfaltlanib, foydalanishga topshirildi.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA