Bola rivojlanishi uchun muhit qanday bo‘lishi kerak?
Navoiy shahridagi 1-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida “Ilk qadam” milliy o‘quv dasturini samarali joriy etish, 5 ta rivojlantiruvchi markaz faoliyatini mazmunli tashkil etish hamda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.
Seminarda tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarining maktabgacha ta’lim metodistlari hamda tayanch MTT direktor o‘rinbosarlari qatnashdi.

Seminar davomida ishtirokchilar “Ilk qadam” milliy o‘quv dasturi asosida guruh xonalarini samarali tashkil etish, bolaga yo‘naltirilgan va o‘yinga asoslangan ta’lim yondashuvlarini qo‘llash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etdi.
– Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim tizimini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, yosh avlodga sifatli ta’lim-tarbiya berish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, shuningdek, bolalar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ul xodimi Nigora Yaxshiyeva. – Ayniqsa, maktabgacha ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bolaning ilk rivojlanish bosqichida uning qobiliyati, qiziqishi va individual xususiyatlarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim-tarbiya jarayonini zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etishga qaratilgan. Bugun maktabgacha ta’lim jarayonida bolaga tayyor bilimlarni berishdan ko‘ra, uning mustaqil fikrlashi, izlanishi, savol berishi, ijodiy yondashishi va o‘z qobiliyatini namoyon etishi uchun zarur sharoit yaratish muhim vazifa hisoblanadi. “Ilk qadam” milliy o‘quv dasturi ham ana shu maqsadlarga xizmat qilib, ta’lim-tarbiya jarayonini bolaga yo‘naltirish, o‘yin orqali o‘rganish va bolaning faol ishtirokini ta’minlashga keng imkoniyat yaratadi. Rivojlantiruvchi markazlarning to‘g‘ri tashkil etilishi esa bolaning ta’lim jarayonidagi faolligini oshirish bilan birga, uning mustaqil qaror qabul qilishi, tengdoshlari bilan muloqot qilishi, ijodiy fikrlashi va turli faoliyat turlarida o‘z qobiliyatini namoyon etishi uchun keng imkoniyat yaratadi. Shu bois amaliyotda markazlarni tashkil etishda bolalarning yoshi, qiziqishlari, ehtiyojlari va individual xususiyatlarini hisobga olish muhim ahamiyatga ega.

Tadbir davomida ular qurish-konstruksiyalash va matematika, syujetli-rolli o‘yinlar, til va nutq, fan va tabiat hamda san’at markazlarining faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Amaliy mashg‘ulotlarda rivojlantiruvchi markazlarni bolalarning yoshi, qiziqishlari va individual xususiyatlarini inobatga olgan holda tashkil etish hamda ularning mustaqil va ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Shuningdek, bolalar uchun xavfsiz va qulay ta’limiy muhit yaratish, zo‘ravonlikning oldini olish hamda pedagoglarning bu boradagi mas’uliyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri