Oʻzbekiston ikkala frontdan ham oʻt ochgan
Fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 75 yilligi bu yil misli koʻrilmagan darajada nishonlanishi koʻzda tutilgan edi.
Fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 75 yilligi bu yil misli koʻrilmagan darajada nishonlanishi koʻzda tutilgan edi. 9 – may butun dunyoning diqqat eʼtiborida turgan edi. Afsus, pand berdi – nomard pandemiya pand berdi. Butun dunyoga pand berdi.
Oʻzbeklar ham bu kunni qoʻli koʻksida, ruhida urush yodi, qalbida urush xotirini koʻtarib qarshi olishni niyat qilgan edi. Prezidentimizning “Ikkinchi Jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 75 yilligini munosib nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Ochigʻi, bu qaror eʼzoznoma edi, ardoqnoma edi. Urush yodi oldida taʼzim edi. Saflari tobora kichrayib borayotgan bobojonlarimiz qadrini ulugʻlash, ularning mislsiz jasorati oldida avlodlarning, bani-basharning qarzdorligini his qilishga undov edi...
Ha, tobora siyraklashib borayotgan, hayot boʻstonida sochilgan donlar kabi taqdir qushlari bitta-bittalab terib boryotgan bu charxu dunda ular bizga jasoratning jonli guvohi sifatida ardoqlidir. Nega ardoqli boʻlmasin? Dunyoni asragan azamatlar ardoqli boʻladi-da.
Ha, dunyoni asragan alplar ichida bizning oʻzbek bobolarimiz ham borki, ovozni baralla qoʻyib aytsak boʻladi: Ey dunyo, biz ham seni fashizm ajdarhosi ogʻzidan omon saqlab qolganmiz. Non berib, choy berib, joy berib, boshpana berib va yana... sanoqsiz qurbonlar berib.
Oʻzbekiston fashizm balosiga ikki joydan turib oʻt ochgani bilan ham bu gʻalabada koʻproq xissasi bor bahodir oʻlkalar safidadir. Bu shunchaki gap emas. Kamina buni Belarus va urush oʻti gurillab yongan oʻlkalarga qilgan safarim davomida his etdim.
Birinchidan, Oʻzbekiston fashistga front ortidan turib oʻt ochdi, oʻt ochganda ham, butun boshli front qoʻshinlariga kaftidagi rizq – don-duni bilan qarshi oʻt ochdi. Oʻt ochganda, ham boshpanasiz qolgan, kultepayu vayrona, qamal shaharlari tepasida osmon boʻlib, boshpana boʻlib oʻt ochdi. Butun boshli front oʻgʻlonlari, ofitseru askarlariga mening oilam, bolalarimga Toshkent osmonlari osmonlik qilmoqda, degan taskinli kuch-qudrat berib, yovga oʻt ochdi. Oʻt ochganda ham, frontda, jang avji urho-urga kirgan front oldida turib oʻt ochdi.
Urushning dastlabki kunlari Brest qalʼasida qalqon boʻlib chiqqan jangchilar ichida oʻzbeklar juda koʻp edi. Gʻalaba tarixida muhim burilish boʻlgan “Dnepr uchun jang” deb atalgan oʻta ahamiyatli strategik yurishda birinchilar qatorida Dneprni kechib oʻtib, oʻng qirgʻoqda oʻrnashgan gazandalarni supurib-sidirib tashlash, Yevropaning ozod qilinishida yoʻl ochilgan tarixiy muhorabada katta hissa qoʻshgan botirlar ichida ham oʻzbeklar koʻp edi. Birgina Loyev tumanidagi jangda 6 oʻzbek oʻgʻloniga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berilganiga nima deysiz? Ular Dneprning olti joyidan bir-biridan bexabar holda oʻz guruhi bilan birinchilar safida kechib oʻtgan va qoʻshinlarning qolgan qismi ham oʻtib olishi uchun dushman hamlasini qaytarib turgan. Ularga Gomel viloyati Loyev tumanida byust oʻrnatilib, ism-familiyasi xotira lavhlarida oltin harflar bilan yozildi. Bu oltovlondan tashqari yana bir bobomiz Mogilyov viloyati Doshkovka qishlogʻi hududidan oʻz guruhi bilan Dnepr daryosini kechib oʻtib, qirgʻoqda oʻrnashgan fashistlar toʻdasini tor-mor qiladi, qaqshatqich jang qoʻl jangigacha boradi. Oʻzbek oʻgʻloni Shodi Shoimov oʻsha olishuvda 13 nafar dushmanni oʻldiradi. Va, oʻzi ham halok boʻladi. Uning ham Doshkovkada byusti oʻrnatilgan. Bor-yoʻgʻi 18 yoshga toʻlgan bu oʻgʻlon ham Sovet Ittifoqi Qahramoni boʻldi.
Men nega bularni esladim?
Oʻzbeklar chin maʼnoda ikki frontdan oʻt ochdi, degan gapimning isboti uchun esladim. Yuqoridagi manzaralar haqida Loyev yoki Mogilyovga borsangiz tarix muzeylarining oʻzi, oʻsha oʻzbek bobolarim bilan birga jang qilgan rus va boshqa millat vakillarining xotirasi va yodnomalari soʻzlab beradi sizga.
Yana bir narsani aytayin, urushda jon olib, jon bergan bobolarimiz diliga ogʻriq soladigan, qolaversa, tarixning yuziga tarsaki, telba teskari musht boʻlib urilgan uyatli bir iztirob bugun barham topdi. Xudoga shukr, bu juda-juda zarur haqiqat edi. Tarix haqiqati! Biz bilib-bilmay shu urush mohiyati bilan ham “hazillashib” keldik. Shahar va tumanlar markazida Ikkinchi jahon urushi qahramonlari xotirasi uchun tiklangan koʻplab haykallarni agʻdarib, “1941-1945” degan oʻkinchli lavhlarni qoʻporib- oʻchirdik, nomaʼlum askar qabrlari bizga kerakmas, nega noʼmalum boʻlarkan, deb voz kechdik. Axir bu qabrlar fashizm bilan boʻlgan jangda halok boʻlgan butun dunyo askarlarining ramziy qabri edi-ku, ular urush olovi yongan yoxud shu urush azobini tortgan barcha davlatlarda bugun saqlanib qolgan. Ha, bu ramziy qabrlarda, ular dunyoning qaysi shahrida boʻlmasin, oʻzbek jangchisining ham ruhi-poki ardoq topayotganini unutmasligimiz kerak. Bedarak, izsiz yoʻqolib ketgan oʻzbek jangchilari bor edi. Ularni bugun olis oʻlkalar, butun Yevropa yodga oladi. Shu ramziy qabrlar timsolida. Biz esa ulardan voz kechdik, nega shunday, hanuz bilolmayman. Yana bir ayanchli manzara: urushda boʻlgan bobolarimizning jangdan taqib kelgan orden-medallarini koʻrsak, koʻzimizni chirt yumadigan boʻldik: “E-yey, shu katta tadbirga bekor taqib kelibdi-da. Axir bu oʻsha zamonning “taqinchoq”lari-ku”. Gazet va jurnallarga “frontovik”larning rasmi kelsa, koʻksidagi orden-medallarni “letuch” qila boshladik. Televideniyeda ularni payvandlab oʻchirdik. Bu medallarning nima keragi bor, dedik.
Axir ular urush dahshatining timsoli boʻlib jangchi koʻksida muhrlanib turgandi-ku. Bularni-ku ularning koʻksidan yulqib oldik, lekin urush boʻlgan edi-ku, uning ogʻrigʻini insoniyat qalbidan, oʻsha qiyomatda qatnashgan insonlar yuragidan qanday sugʻurib olib boʻladi, oʻylamadik...
Bir gap. Qishlogʻimizdagi urush ishtirokchisi qoshiga muxbir kelibdi. “Bobo, shu medalni taqmang, shundogʻam chiroylisiz”, debdi. Bobo kayfiyati yoʻq ekanmi: “Koʻtar rasm-pasmingni...”, debdi.
“Bobojon, topshiriq shunday”, debdi muxbir ham. Bobo ijirgʻanib: “Urush boʻlmagan edi. Bu urush aslo boʻlmagan, deb tarixni gapirtira oladimi oʻsha topshiriq berganlaring”, debdi. Xullas shunday gaplar...
Bugun esa... bugun urush mohiyati, chinakkam matonatga munosabat oʻzgardi. Mardlik va matonat timsollari yana bobolar koʻksidan joy oldi.
Poytaxtimizda Gʻalaba bogʻi barpo etilmoqda. Ushbu bogʻda urushning inson qalbini larzaga keltiradigan ogʻriqlari qatorida, oʻzbek xalqining mislsiz irodasi, urush avlodining jasorati aks etadi. Bu koʻrguliklarni gapirishga garchand til aylanmasa-da, koʻzingiz bilan koʻrib qarogʻingizni kuydirgan yosh tomchilarining ham nechogʻlik zil-zambil ekanini his qilasiz. Sizgaki shu yerda bir necha daqiqalik paytda koʻz yoshlaringiz shunchalik ogʻirlik qilib tursa-yu, urushning har bir soniyasida jigarlarini olib ketgan yoʻllar xira tortgan nigohlarga oʻq boʻlib qadalsa, bu koʻzlardan sizgan olovyosh tomchilari zaminni kuydirib yubormaydimi, zaminga ogʻirlik qilmaydimi? Bunday dardni odam bolasi qanday koʻtardiykin? Bir emas, ikki emas, besh bolasini urush yeb-yutgan onaizor bu roʻyi zaminda qanday tirik qoldiykin?
Urush majaqlab tashlay olmagan metintan ona-Oʻzbekiston timsolidagi bu ayol qoshida bugun yurak-bagʻrimiz ne bir azoblar komida qolib bosh egamiz. Gʻalaba bogʻida besh oʻgʻlini urushga yuborib, ulardan qora xat olgan Zulfiya ona Zokirova, uning besh azamat farzandi hamda kelinlariga atab tiklangan “Matonat madhiyasi” deb nomlangan haykal qoshida qalbingizdan otilayotgan ogʻir savollarga javob topishingiz mushkul kechadi. Besh oʻgʻlidan juda Ona qoshida yuragingizni oʻrtagan iztiroblar faqat koʻz yoshlarga aylanadi. Bir narsani anglaysiz, oʻzbekning Onalari oʻsha eng qora va qorongʻu kunlarda ham bukilmagan, toʻkilmagan. Gʻalaba uchun oʻn jon berib bir jon bilan tirik qolgan. Albatta, bu matonat timsollari bugun adabiyotimiz va sanʼatimizda ham oʻz aksini topyapti. “Oʻzbekkino” tomonidan taniqli rejissyor Jahongir Ahmedov Zulfiya ona hayoti, uning jangda oʻlgan besh bahodiri, kelinlari va urush dahshatlari haqida filmni suratga oldi. Xudo xohlasa, film jabrdiyda Ona matonatini hozirgi avlodlarga toʻlaqonli ochib beradi. Umuman, urushga nafrat tuygʻularini shakllantirishda bu filmdan katta umid qilib turibmiz, ilohim shunday boʻlsin.
Xullas, Gʻalaba bogʻida mashʼum urush dahshatlari haqidagi hayotiy manzaralar bong uradi. Bu bong qaʼrida esa tinchlikni ulugʻlash, osuda hayotga shukronalik jo boʻladi.