Oʻzbek tilini ozorlab koʻnikib qolgan ekanmiz
1996-yil. Talabalikning ilk yillari. Poytaxtning “Chorsu” bozori biqinida joylashgan “Turon” kutubxonasida “Adabiy gurunglar” boʻlardi.
1996-yil. Talabalikning ilk yillari. Poytaxtning “Chorsu” bozori biqinida joylashgan “Turon” kutubxonasida “Adabiy gurunglar” boʻlardi. Ozod Sharafuddinov, Erkin Vohidov, Oʻtkir Hoshimov, Said Ahmad, Muhammad Yusuf, Abdugʻafur Rasulov, Aziz Qayumov saboqlarini olish uchun oshiqamiz. Tilga eʼtibor mavzusi – bosh mavzu.
Soʻzga xasis boʻlish, uni ayab yozish, ijodkorlik masʼuliyati bu – mudom oʻzni tahrir qilish, tarbiyalash ekani haqida soatlab suhbatlar boʻladi. Ulugʻ SOʻZ tilsimlarini tobora his qilaveramiz. Kitoblarini sevib oʻqigan yozuvchi, shoirlarning oʻzini koʻrib turganimizdan, ular bilan hamsuhbat boʻlayotganimizdan ichimizga sigʻmay sevinamiz. “Zoʻr, hech kim kutmagan” savollar beramiz. Aytganlarini qogʻozga, yurakka muhrlashga intilamiz. Oʻshanda kutubxonaning torgina kitoblar boʻlmasida oʻzbek tilining ravnaqini taʼminlash borasida – biroz ishonqiramay, goh ichki bir xoʻrsiniq, goh esa armon bilan taʼkid etilgan oʻtkir fikrlar bugun, ular kabi jonkuyarlar tomonidan katta maydonda aytilyapti. Jonkuyarlar bir manzilda jamlanib, oʻzbek tilining rivoji, ertasi haqida qaygʻurishmoqda. Bejizga emas, ehtiyoj bor edida. Qadim, shu bilan bebaho xazinaga ega oʻzbek tilini hissiz, qotib qolgan, tugʻmas qilib qoʻyayozgan edik. Keling, endi bu xatomizni toʻgʻrilaylik. Vaqt, imkon boʻldi. Davlat tiliga oid qonun meʼyorlarini buzganlik uchun davlat tashkilotlari mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik belgilash toʻgʻrisidagi Adliya vazirligi tomonidan ilgari surilayotgan qonun loyihasi katta muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Davlat tilida ish yuritish boshqa millat vakillarini kamsitishdir deb ayuhannos solayotganlar “paytdan foydalanib” qolishga harakat qilishmoqda, millatlar oʻrtasiga nifoq solish ilinjida boʻlishyapti. Ular begona emas, boshqa millat vakili ham emas. Ota-onasi oʻzbek, oʻzi rus maktabida tahsil olgan bugun oʻzbek tilida hijjalab toʻrtta soʻzni ayta olmaydiganlar...Afsus.
Endi, endi ortga qaytish yoʻq. Axir bu – farzandlik burchi, agar shu ishni bugun amalga oshirmasak, bu yoʻlda jafo chekkan azizlar xotirasi, ularning amalga oshirgan ishlari oldida qarzdor boʻlib qolamizku? Oʻzbek tilining nafaqat yurtimizda, balki xalqaro maydondagi nufuzi va mavqeini oshirish yoʻlidagi ishlarni jonlantirish maqsadi bor, istagi mujassam.
Yana bir oʻtligʻ kechinma kechadi, aytmasam boʻlmas: Nega endi men oʻz yurtimda oʻz ona tilimni himoya qilsam, kimnidir koʻziga yomon koʻrinishim kerak?
Jarima solinadi – shu jumlaga bunchalar osilib olinmasa, axir bu amaliyot boshqa sohalarda ham borku, yaʼni tartibga solish, kishilarni ayni shu tizimga oid savodxonligini oshirish, qoidani anglatish, xato qilmaslikka undash borasida jarimalar joriy qilingan. Ekologik madaniyatga amal qilmaslik, mehnat qonunchiligini mensimaslik, yoʻl qoidasini buzish, isteʼmolchilik sohasida qilingan ayb jarima bilan qoplanadi va boshqa takrorlamaslik uchun kishi oʻzini tartibga soladi.
Endi tafakkurning ildizi, maʼnaviyat asosi boʻlgan – davlat tilini asrash, avaylash haqida gap ketsa, uni buzganlik uchun jarima solish amaliyoti qoʻllanilsa – bu davr talabi, ehtiyoji. Ona tilimizning nufuzi va obroʻyini oshirish uchun judayam muhim va dadil qadam. Oddiy xat yoki murojaatni roʻyxatga olishi uchun uni rusiy zabon tarjimonga “falon soʻmga” tarjima qildirganlar, yoki “tayyorlangan hujjatlarning ruschasi yoʻq ekan, qabul qila olmayman” deyilganlik holati shu bugunning gapi. Oʻzbek tilini ozorlab koʻnikib qolgan ekanmiz-ov. Koʻcha yozuvlarini oʻzimiz istagan tilda ilib qoʻyishga barham berish vaqti keldi. Ayta-ayta charchadik. Oʻylashimcha, nafaqat davlat boshqaruvida balki, koʻcha yozuvlari, peshlavhalar, yorliqlarning davlat tilida boʻlishi haqida aniq tartib joriy qilish fursati yetdi. Bir marta jarima toʻlagan doʻkon egasi yoki uni tayyorlagan firma xodimi, albatta, oʻzbek tilini teran oʻrganishga va muhimi qadrlashga chogʻlanadi. Qonun hujjatlarining takomillashtirilishi, jarima miqdori oshirilishi tarafdoriman.
Yaqinda oʻquvchisi bisyor boʻlgan sayt – musulmon davlatlardan birida pandemiya sabab eʼlon qilingan karantin asta-sekin yumshatilishi haqidagi xabarni berdi. Xabardagi surat mening eʼtiborimni tortdi. Koʻcha yorliqlarida bironta ham begona yozuvni koʻrmaysiz, barchasi davlat tilida. Biz esa hali-haligacha ona tilimizga egalik qilish uchun oʻsha-oʻsha koʻngilchanlik bilan yondashyapmiz. “Shestnitsa desayam, subbota desayam” boʻladi deya.
Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludi kuni munosabati bilan telekanallardan shoir ijodi va hayotiga oid koʻrsatuvlar efirga uzatildi. Shoirning oʻzi oʻqigan sheʼrlari, intervyu berganda aytgan fikrlari qoʻyib berildi. “Vatan bu mening onam, dunyoda undan goʻzali yoʻq, undan haloli yoʻq... Onam haqida kimdir yomon gapirsa, unga tosh otsa, qoʻlini urib sindiraman, uni hech kimga berib qoʻymayman”. Uning gaplari yuragingning eng toʻridagi pok hislarni qoʻzgʻab yuboradi. Yeb turganing boʻgʻzingda qoladi, koʻzingga duv-duv yosh keladi. Vatan, til, ona, millat – gʻoyatda pok bu tushunchalarni ardoqlash, gard yuqtirmaslik ishi barchasidan aziz ekanini his qilaverasan.
Onamiz allasi bilan vujudimizga singgan oʻzbek tilini sayqallash, uning istiqboli uchun qaygʻurish ishini – Oʻzbekistonlik boʻlib biz shaxdamlik bilan amalga oshirmasak, eldoshligimiz qayerda qoldi, doʻst!
Ziyoda AMINOVA,
Qashqadaryo viloyat hokimining
til boʻyicha maslahatchisi.