Oʻzbek tili bayrami keng nishonlanmoqda
Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida ham ushbu bayramni munosib oʻtkazish boʻyicha bir qator maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi.
"Milliy tilni yoʻqotmak – millatning ruhini yoʻqotmakdur”
Abdulla Avloniy
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va nufuzi tobora oshib bormoqda. Joriy yilda “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi yana bir muhim voqeaga aylandi.
Respublikamiz boʻylab nishonlanayotgan “Oʻzbek tili bayrami”da xalqning quvonchiga sherik boʻlish maqsadida, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida ham ushbu bayramni munosib oʻtkazish boʻyicha bir qator maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi.
Xususan oktyabr oyi davomida Institut va uning joylardagi filiallarida ona tilimiz haqidagi hujjatli filmlar namoyish qilindi, oʻzbek tilida chop etilgan yangi kitoblar taqdimotlari va savdolari tashkil etildi, davlat tiliga hurmatni aks ettiruvchi koʻrgazmali targʻibot materiallari tayyorlanib taʼlim oluvchilarga taqdim etildi.
Joriy yilning 20-oktyabr kuni Institutda tilshunos olim va davlat tili boʻyicha yetuk mutaxassislar ishtirokida “Ona tilim mening faxrim” mavzusida videokonferensiya shaklida onlayn davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, davlat mukofoti laureati Muhammad Ali, Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti kafedra dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Toʻlqin Saidaliyev, Ichki ishlar vazirligining masʼul xodimlari, Institut professor-oʻqituvchilari, IIV akademik litseylarining ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilari ishtirok etdi.
Til bayramiga taklif etilgan taniqli yozuvchi, shoirlar, tilshunos va adabiyotshunos olimlar Oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilganiga 31 yil toʻlganini, yangilanayotgan Oʻzbekistonning bugungi bosqichi – milliy yuksalish davri talablaridan kelib chiqib, bugungi kunda ona tilimizning nufuzini yana-da oshirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganligini, til bilish barcha muvaffaqiyatlarning garovi ekanligini, har bir inson avvalo oʻz ona tilini, qolaversa boshqa tillarni sevib oʻrganishlari zarurligini uqtirib oʻtishdi.
Institut va uning filiallarida bayram munosabati bilan rejalashtirilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar davom etmoqda.
IIV Malaka oshirish instituti