O‘smirlar o‘rtasida musobaqa
Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida boks bo‘yicha 1998-1999-yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida viloyat ochiq turniri bo‘lib o‘tdi.
Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida boks bo‘yicha 1998-1999-yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida viloyat ochiq turniri bo‘lib o‘tdi.Unda olimpiada va jahon chempionati sovrindorlari hamda 2016-yilda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bokschilar ishtirok etdi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida navqiron avlodni har tomonlama sog‘lom etib tarbiyalashning muhim omillari – ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport sohalarini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Darhaqiqat, yosh avlodning jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi, iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Toshkent viloyatida ham barcha zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yillar davrida viloyatda 150 dan ortiq bolalar sporti inshooti yangidan qurilib foydalanishga topshirilgan. Bugungi kunda mazkur sport inshootlarida 2 ming 400 dan ziyod yuqori malakali mutaxassis qariyb 86 ming o‘g‘il-qizga sportning 40 turi bo‘yicha saboq bermoqda. Bunday ezgu sa’y-harakatlarning natijasi yosh sportchilarning jahon sport arenalarida erishayotgan ulkan g‘alabalarida o‘z ifodasini topayotir.
Qizg‘in va murosasiz bellashuvlarga boy bo‘lgan turnir yakunida chinozlik Abdumutal Abdurazzoqov, Ilhom Ismoilov, bo‘kalik Muhibulla Sodiqov, Jahongir Tursunboyev, Angren shahridan Bekzod Jahonaliyev, Bekobod shahridan Farrux Odilovlar o‘z vazn toifasida g‘olib, deb topildi.
– Oiladagi muhit tufayli sportning ushbu turiga mehrim tushgan, – deydi J.Tursunboyev, – Qishlog‘imizda bobomni hamma kuragi yerga tegmagan polvon sifatida juda yaxshi tanishadi. Ulardek bo‘lishga astoydil harakat qilayapman. Turli musobaqalarda g‘olib bo‘lganimda Yurtboshimizning biz, yoshlarga qarata O‘zbekiston yoshlari taraqqiy topgan davlatlardagi tengdoshlaridan kam bo‘lmaydi, ular bilan bemalol bellashishga doim tayyor, degan so‘zlarini eslayman. Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirish biz yoshlarning vazifasi ekanini yanada teran anglayman. Xalqaro arenalarda diyorimiz sharafini munosib himoya qilish mening eng oliy maqsadim.
Tadbirda Toshkent viloyati hokim A.Usmonov so‘zga chiqdi.