Oʻquv yili yangi binoda boshlandi
Andijon viloyatida joriy yil 26 ta umumtaʼlim maktabi kapital rekonstruksiya qilindi.
Andijon viloyatida joriy yil 26 ta umumtaʼlim maktabi kapital rekonstruksiya qilindi. Bu ishlar uchun 85,7 milliard soʻm mablagʻ sarflandi. Marhamat tumani “Mingtepa” mahalla fuqarolar yigʻinidagi 540 oʻrinli 47-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi ham ana shu taʼlim maskanlaridan biridir.
Umumiy loyiha qiymati 3 milliard 50 million soʻm boʻlgan 2 qavatli mazkur taʼlim maskanining qurilish-taʼmirlash ishlari tumandagi “Bunyodkor doʻst” masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshirildi.
Taʼlim muassasasida oʻquvchilarning puxta bilim olishi, sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Xususan, 32 oʻquv, shuningdek, fizika, kimyo oʻquv-laboratoriya, kompyuter xonalari, axborot-resurs markazi tegishli koʻrgazmali vositalar, zarur jihozlar bilan taʼminlangan. Ayniqsa, zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan sinf xonalari oʻquvchilarga manzur boʻlmoqda.
– Kapital taʼmirlangan maktabda taʼlim sifati va samaradorligini oshirish, oʻqituvchilarning ish sharoitini yaxshilash uchun zarur barcha sharoit yaratilgan, – deydi maktab direktori Jumagul Sherboyeva. – Prezidentimiz rahbarligida xalq taʼlimi rivojiga koʻrsatilayotgan eʼtibordan, biz, pedagoglarga yaratib berilayotgan imkoniyatlardan behad mamnunmiz.
Endilikda maktabning kapital taʼmirlangan binosida 540 nafar oʻgʻil-qiz bir smenada oʻqish imkoniga ega boʻldi. Bu yangi oʻquv yiliga oʻquvchilar uchun haqiqiy bayram tuhfasi boʻldi.