Oʻlkamizda birinchi dorilfunun
Islom bilan Yevropa madaniyatining oʻzaro aloqalari olimlar tomonidan kam tadqiq qilingan.
Manbalarning guvohlik berishicha, Samarqand davlat universitetining tarixi 1420-yili temuriy hukmdor, ulugʻ astronom olim Mirzo Ulugʻbek Samarqandda qurdirgan oliy madrasadan boshlanadi.
Mazkur gʻoya oʻz-oʻzidan paydo boʻlmagan, balki 2001-yilda Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga hokim boʻlib kelganidan keyin Samarqand davlat universiteti imkoniyatlarini kengaytirish, bu qadimiy oliy taʼlim dargohining mukammal tarixini yaratish, uning qadim ildizlari Ulugʻbek madrasasi bilan bogʻlanishini xalqimizga, jahon hamjamiyatiga isbotlab koʻrsatish haqida zarur koʻrsatmalarni bergan edi. Shundan soʻng universitet rahbariyati tomonidan taʼlim muassasasi tarixi, uning milliy va jahon ilm-fani, taʼlim tizimi taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi borasida izlanishlar boshlab yuborildi. Bu ilmiy tadqiqotlarning yakuni sifatida 2020-yil 9-iyulda “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida SamDU rektori, Oliy Majlis Senati aʼzosi, professor Rustam Xolmurodovning “Samarqand davlat universiteti – Mirzo Ulugʻbek madrasai oliyasining vorisi” nomli katta maqolasi chop etildi.
Haqiqatan ham, hududimizda IX-X asrlardan boshlab koʻplab maktabu madrasalar faoliyat koʻrsatgani, tabarruk zaminda Imom Buxoriy, Abu Nasr Forobiy, Muhammad al-Xorazmiy, Mahmud Zamaxshariy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Xoja Ahror kabi buyuk siymolar yetishib chiqqani, ularning tarixiy merosidan jahon ilm-maʼrifat ahli unumli foydalanayotgani hisobga olinsa, oliy taʼlim tizimimiz chuqur ildizlarga egaligi maʼlum boʻladi.
Oʻrta asrlarda Sharq mamlakatlarida oʻquv maskani taʼlimining asosini islom taʼlimoti tashkil etgan, madrasalarda diniy fanlar bilan birga, dunyoviy fanlar ham oʻqitilgan va davrlar oʻtishi bilan ularning ulushi ortib borgan. 1420-yilda Mirzo Ulugʻbek tashabbusi bilan ochilgan madrasada islomiy fanlardan tashqari, matematika, astronomiya, fizika, kimyo, geodeziya, farmakologiya, tibbiyot, tarix, falsafa, adabiyot kabi ijtimoiy-gumanitar, aniq va tabiiy fanlarning oʻqitilishi, bu IX-X asrlardagi Uygʻonishdan keyin ikkinchi Sharq Renessansining vujudga kelishiga turtki boʻlgan, deb xulosa qilish mumkin.
Bu ulkan madaniyat umumbashariy sivilizatsiyaga qoʻshilib, uning uzluksiz rivojiga omil boʻldi, turli aloqa vositalari orqali Gʻarbga oʻtib, yangi Yevropa tafakkuri taraqqiyotiga taʼsir koʻrsatdi. Ustoz Najmiddin Komilov yozganlaridek, yetti asr davomida arab xalifaligi qoʻl ostida turgan Ispaniyaning Kordova (Qurdoba), Sevilya (Shibliya), Granada (Gʻarnota), Jabal al-Tariq (Gibraltar) viloyatlarida Sharq ilm-maʼrifati keng qanot yoydi. Ispan qirollari arab tilini mukammal bilar, oʻz saroylarida arab shoir va olimlarini saqlar, barcha ispan ziyolilari arabcha taʼlim olib, sharqona urf-odat ruhida tarbiyalanar edilar. Sharq madaniyatining Yevropaga koʻchishida tarjima, shubhasiz, muhim rol oʻynagan. XII asrlardan boshlab arab tilida yozilgan ilmiy adabiyotlarni yana lotin tiliga agʻdarish avj olgan, keyinchalik ularni ispan, fransuz, kastil tillariga tarjima qilish kuchaygan.
Islom bilan Yevropa madaniyatining oʻzaro aloqalari olimlar tomonidan kam tadqiq qilingan. Aksar Gʻarb olimlari oʻzlarining bugungi madaniyatini qadimgi yunon madaniyatining davomi, deb daʼvo qilishadi. Muammoni tadqiq etgan maʼrifatparvar olim, jadidchilik harakati asoschisi Ismoil Gasprinskiy (1851-1914)ning fikricha, yunon madaniyati oldin islom dunyosiga yoyilgan va bir necha asr musulmonlar uni taraqqiy qildirib, nuqsonlarini ozaytirib, Yevropaga yetkazishgan. Amerikalik olim A.Draber “Yevropa aqliy taraqqiyoti tarixi” kitobida Suqrot, Aflotun, Arastu kabi antik olimlarning asarlarini musulmonlar tanitganligini gapirib, “Yevropaning bugungi ulugʻ ziyosi musulmonlar yoqqan sham va chiroqlarning yogʻdusidan maydonga kelgan”, deb yozadi.
Maʼlumki, yunonlar ilm-fani musulmonlar hayotiga VIII asrda Abbosiy xalifa Abu Jaʼfar Abdulloh Al-Mansur zamonida kirib keladi. Bilimdon xalifa hindlardan ilmi nujumni, yunonlardan fanlarning asoslarini oʻrganishni orzu qiladi. Dunyoviy qarashlari tufayli Efes ibodatxonasida sazoyi qilinib, oʻzga yurtlarga badargʻa etilgan patriarx Nastor izdoshlari 431-yili Eron, Oʻrta Osiyo, Arabiston shaharlariga kelib qolishadi. Abu Jaʼfar ularni saroyga chaqirib, tarjima ishlarini boshlab yuboradi. Antik davrning nodir asarlari tezda arab tiliga oʻgirilib, Bagʻdod, Shom, Xorazm kutubxonalariga yuboriladi. Bu borada Xorun ar-Rashid, Maʼmun, Abu Jaʼfar kabi xalifalar homiylik koʻrsatishadi. Oʻsha davrda Ispaniya – Yevropa ilm-fani markaziga aylanadi.
Sharq olami, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasi IX-XII va XIV-XV asrlarda dunyo eʼtirof etgan ikki qudratli ilmiy-madaniy yuksalishning manbai sifatida jahonning boshqa mintaqalaridagi Renessans jarayonlariga ijobiy taʼsir koʻrsatgan Sharq uygʻonish davri – Sharq Renessansi sifatida dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan haqli ravishda tan olingan. Al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Beruniy, Forobiy, Ahmad Fargʻoniy ham oʻz davrining yirik qomusiy olimi, Yevropa ilmiga beqiyos hissa qoʻshgan tarixiy shaxslar, deb tan olinadi.
XIV-XV asrlarda ilmiy-madaniy yuksalishning ikkinchi davri boshlandi. Oʻrta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining butun bir avlodi haqida soʻz yuritar ekanmiz, Amir Temur va Temuriylar davri deb nom olgan davr haqida, nomi ilm-maʼrifat osmonida bamisoli yorqin yulduz boʻlib porlab kelayotgan Mirzo Ulugʻbek va uning Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi singari koʻplab safdoshlari va shogirdlari xususida gapirishga toʻgʻri keladi. Amir Temurning nabirasi, 40 yil Samarqandda hukmdorlik qilgan Mirzo Ulugʻbek astronomiya sohasidagi buyuk alloma sifatida shuhrat qozongan va uning nomi haqli ravishda Kopernik, Jordano Bruno, Galiley va boshqa ulugʻ ilm-fan daholari qatorida tilga olinadi.
Yevropada asos solingan Bolonya (Italiya, XIII asr), Oksford (Buyuk Britaniya, XIII asrning ikkinchi yarmi), Kembrij (Buyuk Britaniya, 1209-yili), Sorbonna (Fransiya, Parijda 1257-yili), Salerna (Italiya, IX asr), Uppsala (Shvetsiya, 1477-yili), Xaydelberg (Germaniya, 1386-yili) universitetlarida ham oldin diniy taʼlim berilgan. Mirzo Ulugʻbek 1420-yilda ochgan madrasa ham shunday vazifani ado etgan.
Mirzo Ulugʻbek rahbarligida 90 olim va talaba huzurida Batlimusning (Klavdiy Ptolomey) “Al-majistiy” asari boʻyicha imtihon oʻtkazilgan va undan muvaffaqiyatli oʻtgan yetuk olim Shamsiddin Muhammad Xavofiy 1420-yil 21-sentyabrda birinchi mudarrislikka tayinlangan. Shuningdek, ushbu oliy dargohda Mirzo Ulugʻbek, Qozizoda Rumiy, Gʻiyosiddin al-Koshiy va Ali Qushchi kabi yetuk olimlar ham dars bergan. Keyinchalik ular oʻz sohasining eng yirik allomalariga aylandi.
Mirzo Ulugʻbek 1018 ta yulduzning holati va joylashuvi bayon qilingan astronomiya jadvalini tuzib, astronomik oʻlchovlar boʻyicha 16 asr davomida yaratilgan birinchi yangi katalog muallifi boʻldi. Gʻiyosiddin al-Koshiy birinchi boʻlib oʻnlik kasrlarni ilmiy isteʼmolga joriy etdi, erkin darajalar ildizlarining izchil yaqinlashib borishi va ularni topish metodlarini ishlab chiqdi. Ali Qushchi Istanbul universiteti (1453-yil)ning asoschilaridan biri boʻldi.
XVI asrdan boshlab Sharq mamlakatlarida saltanatlar qulashi, hokimiyat uchun tinimsiz kurashlar avj olgach, ilm-fanga eʼtibor ancha pasaydi. Yevropa qitʼasida rivojlanish davri boshlandi. Manbalarda keltirilishicha, Buyuk Ipak yoʻli faoliyatining toʻxtashi Sharqning taraqqiyotiga taʼsir koʻrsatgan boʻlsa, Gʻarbda inqilobiy ixtirolar, xususan, nemis I.Gutenberg tomonidan bosma stanok kashf qilinib, kitob chiqarish yoʻlga qoʻyilishi (1440), X.Kolumbning Amerikani (1492), Vasko da Gama Afrikani aylanib oʻtib, Hindistonga boradigan dengiz yoʻlini ochishi (1498), shuningdek, geografiya, geodeziyaning fan sifatida eʼtirof etilgani, ximiya va astronomiyada yirik yutuqlarga erishilgani – bularning hammasi Gʻarb olamining eng katta yutugʻi sifatida tarix kitoblariga kirdi.
Shunisi diqqatga molikki, Mirzo Ulugʻbek madrasayi oliyasi 500-yil davomida turli tarzda faoliyat koʻrsatdi. Ammo keyinchalik oliy pedagogika instituti, pedakademiya, soʻngra Oʻzbek davlat universiteti, hozirda esa Samarqand davlat universiteti sifatida yangi davr, yangi talablar va yangicha yoʻnalishda faoliyatini izchil davom ettirmoqda.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston taʼlim tizimida misli koʻrilmagan yangiliklar, ijobiy siljishlar amalga oshirildi. Murakkab globallashuv sharoitida yoshlar taʼlim-tarbiyasiga yondashuv mutlaqo yangi sifat bosqichiga koʻtarilmoqda. Prezidentimiz qaroriga koʻra, maktabgacha taʼlim tizimi shakllantirilishi, maktab, akademik litseylar faoliyati takomillashtirilishi, yangi institut va universitetlar ochilib, oliy taʼlimga qabul kvotalarining kengaytirilgani, ustoz-murabbiylarni moddiy hamda maʼnaviy ragʻbatlantirilishi professor-oʻqituvchilarning obroʻsi va nufuzini oshirib yubordi. Atoqli shoir-yozuvchilarning ijod maktablari, Prezident maktablari tashkil etilishi ham yangi sifat bosqichini boshlab berdi. Yangi taʼlim konsepsiyasiga binoan, Oʻzbekiston milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini jahondagi oliy taʼlim muassasalari reytingining 1000 talik roʻyxatiga kiritish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
2020-yilning 26-iyun kuni xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining “Samarqand davlat universitetining 600-yillik yubileyini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori bu borada dadil qadam boʻldi, deyish mumkin. Demak, Samarqand davlat universitetining 600-yillik toʻyi xalqaro miqyosda nishonlanadi. Koʻhna va hamisha navqiron Samarqand shahri betakror sharqona ruhi va qiyofasi, boy tarixi, bu yerda saqlanib qolgan noyob, har qanday odamni hayratga soladigan obidalari bilan sayyoramizning turli oʻlkalarida afsonaviy shahar sifatida maʼlumu mashhur. Moviy gumbazlari millionlab sayyohlarni oʻziga maftun etadigan Samarqandning Rim bilan bir qatorda, “abadiy shahar”, degan nom bilan butun dunyoda shuhrat qozongani bejiz emas.
Demak, dunyo olimlari yana Samarqandda yigʻiladi va bugungi taʼlim muammolariga xolis munosabat bildirishadi. Bu natijalar esa Oʻzbekiston taʼlim tizimida dadil qadam boʻlishiga ishonamiz.

