Nuroniylarga “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni topshirildi
Poytaxtimizdagi «O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyi»da O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik Kengashi qarori bilan mamlakatimiz taraqqiyoti, yurt ravnaqi, jamiyatimiz rivoji yo‘lida faol mehnat qilgan, hozir ham jamoatchilik ishlarida namuna bo‘layotgan yoshi ulug‘ yurtdoshlarimizga “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Qahramoni, senator Sodiqjon Turdiyev, mazkur jamg‘arma boshqaruvi raisining o‘rinbosari, ustoz jurnalist Sharof Ubaydullayev keksalarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ta’kidladi.
[gallery-19843]
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2017 yil 14 iyuldagi “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori asosida har yili “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik Kengashi tomonidan uzoq va samarali mehnat qilgan, el-yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarimiz “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlab kelinmoqda.
[gallery-19844]
Bu yil ham o‘z faoliyati bilan el-yurtimiz, jamiyat ravnaqiga munosib ulush qo‘shayotgan yoshi ulug‘ vatandoshlarimizning katta guruhi mazkur ko‘krak nishoniga sazovor bo‘ldi.
Ular safida fan, ta’lim, adabiyot, san’at, sport, sog‘liqni saqlash, huquq-tartibot, jurnalistika sohasi vakillari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlis Qonunchilik patalasi vakillari bor.
E’tiborga molik jihati, “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoniga munosib ko‘rilganlar safida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi - O‘zA xodimi Fatxiddin Samariddinov ham bor.
– 2016 yil “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatida tub burilish yili bo‘ldi, - dedi jamg‘arma boshqaruvi raisining o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev. – 2020 yilda tuzilmamizga yanada yuqori maqom berildi. Endilikda jamg‘armaning biron-bir tashvishi o‘z zimmasida qolgan emas. Prezidentimizning ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rliklarini hech narsa bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Dunyoning biron bir davlatida nuroniylar bizning yurtimizdagidek e’zozlanmaydi. “Nuroniy”dek tuzilma dunyoning birorta davlatida yo‘q. Ozarbayjonda turkiy davlatlar oqsoqollarining yig‘ilishida O‘zbekiston nuroniylarining sharoitlari haqida so‘z borganida, bizga juda havas qilishdi. Prezidentimiz bu yo‘nalishdagi barcha ishlarni joy-joyiga qo‘ydilar. “Uch avlod uchrashuvlari” faol o‘tkazilmoqda. O‘ylaymanki, bugun “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoniga munosib ko‘rilganlar bizlar bilan kamarbasta bo‘lib ishlaydilar.
Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi direktori Ortiqboy Ishanqulov mamlakatimizda yuz nafardan ziyod iqtidorli yoshlarning fan olimpiadalarida faol qatnashib, oltin, kumush, bronza medallariga sazovor bo‘lishi, ellik nafardan ortiq yoshning diplom va sertifikat bilan taqdirlanishiga munosib hissa qo‘shgan.
– Prezidentimizning biz – nuroniylarga ko‘rsatayotgan ulkan e’tiboridan g‘oyat mamnun bo‘ldik, – dedi Ortiqboy Ishanqulov. – Bunday savobli yumushlar bizlarni yoshlar ta’lim-tarbiyasiga yanada ko‘proq mas’uliyat bilan yondashishga chorlaydi.
– Bugun maktablarda bolalar maqom aytishmoqda, – dedi musiqashunos olim Soyibjon Begmatov. – Yurtimizda maqom san’atiga qaratilayotgan e’tibordan ruhlanib, biz ham yoshlarga maqom sirlarini o‘rgatishda o‘z hissamizni qo‘shayapmiz.
Tantanali tadbirda “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni o‘z egalariga tantanali tarzda topshirildi. San’at ustalari ishtirokida katta konsert dasturi namoyish etildi.
Nazokat Usmonova,
Rustam Nazarmatov, Nosirjon Haydarov(surat), O‘zA