Nurbuloqdagi sanatoriyning zamonaviy binosi ochildi
Samarqand viloyatining Nurobod tumani Nurbuloq qishlog‘ida inson harakat-tayanch a’zolari xastaliklarini davolashga mo‘ljallangan, shifobaxsh rodon suvi mavjud. Shuning uchun bu yerda 1991 yilda “Abu Ali Ibn Sino” sanatoriysi tashkil etilgan. Keyinchalik yana boshqa katta-kichik shu kabi sihatgohlar ochilgan.
Ammo yillar o‘tgani sayin dam olish maskanlarida ham, tibbiy muassasalarda ham zamon talablariga, odamlar didiga mos shart-sharoit yaratilgan bo‘lsa-da “Abu Ali Ibn Sino” bu jihatdan ortda qolib ketaverdi. Vaholanki, sanatoriyda nafaqat yurtdoshlarimiz, balki yaqin qo‘shni va uzoq mamlakatlardan ham kishilar kelib salomatligini tiklardi.


Keyingi yillarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan tizimda yangi dam olish maskanlari tashkil etish, mavjudlarini bugungi kun talablariga moslashtirishga alohida e’tibor qaratila boshladi.
Ana shu e’tibor tufayli Nurbuloqdagi sanatoriyning 108 o‘ringa mo‘ljallangan, besh qavatdan iborat yangi binosi bunyod etildi. Buning uchun O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hisobidan 50 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.


Kuni kecha mazkur binoning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi a’zolari, davlat va jamoat arboblari, Samarqand viloyati jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Q.Rafiqov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri birinchi o‘rinbosari, akademiya A.Saidov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, senator B.Yo‘ldoshev, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov va boshqalar bu kabi zamonaviy sihatgohlarning tashkil etilishi yurtimizda inson manfaatlari yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlarning natijasi ekanligini ta’kidladilar.


Marosimda sanatoriyga kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan avtobus sovg‘a qilindi.
Yangi sanoatoriyning dastlabki yuz nafar dam oluvchilari yurtimizning turli hududlarida yashovchi mehnat faxriylari, faollar, jamoatchilik vakillari bo‘ldi. Ularga bepul yo‘llanma berilib, bu yerda 10 kun davomida salomatliklarini tiklashlari uchun imkoniyat yaratildi.




G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA