Notariuslardan bepul huquqiy maslahat
Navoiy shahridagi “Ilm va ma’rifat bog‘i”da O‘zbekiston va Turon mahallalarida istiqomat qiluvchi aholi vakillari uchun “Notariuslardan bepul huquqiy maslahat” aksiyasi doirasida notariuslar bilan suhbat o‘tkazildi.
Unda “Yuksalish” harakati viloyat bo‘linmasi, Notarial palataning viloyat hududiy boshqarmasi, “Madad” maslahatlar byurosi Navoiy shahar bo‘limi mas’ullari, Navoiy shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar ishtirok etdi.

Uchrashuvda fuqarolarga meros masalalari, er va xotinning umumiy mulki, turarjoylarni xususiylashtirish va undan foydalanish, turarjoyga doimiy ro‘yxatga qo‘yish va chiqarish, ko‘chmas mulkning toifasini o‘zgartirish, aliment undirish va aliment to‘lash xaqida kelishuvni notarial tasdiqlash, onlayn notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi kabi masalalar yuzasidan maslahatlar berildi.

– Natariuslar tomonidan o‘tkazilayotgan qabulni eshitib keldim, – deydi Shavkat Abdiazizov. – Ulardan uy-joyni kadastr qilish tartib-tamoyili, undiriladigan to‘lovlar haqida qilgan murojaatim yuzasidan bepul maslahat va tushuntirish oldim. Eng muhimi, fuqarolarimiz o‘zlarini qiziqtirgan savollar va masalalarga vaqt va mablag‘ sarflamasdan shu yerning o‘zida huquqiy javoblar olishdi.
Albatta, bu kabi uchrashuvlar, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini yanada yuksaltirishga, adolatli va xalqchil jamiyat barpo etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri