Norvegiya Fransiya “yadroviy soyaboni”ga qo‘shiladi
Norvegiya Fransiya bilan mamlakatni yadroviy tiyib turish tizimiga kiritish bo‘yicha muzokara boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Prezident Emmanuel Makron va Bosh vazir Yonas Styore Parijdagi uchrashuvdan so‘ng e’lon qildi.
Tomonlar imzolagan mudofaa sohasidagi hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi bitim Norvegiyaning Fransiya “yadroviy soyaboni” jarayonida chuqurroq ishtirok etishi va Yevropa strategik mustaqilligini mustahkamlashini nazarda tutadi.
Bosh vazir NATO va tuzilmaning Qo‘shma Shtatlar bilan ittifoqi mamlakat xavfsizligi asosi bo‘lib qolishi, faqat Fransiyaning yadroviy imkoniyati qo‘shimcha himoya unsuri sifatida ko‘rilishini ta’kidladi. Binobarin, Oslo tinchlik davrida o‘z hududida yadroviy qurol joylashtirish rejasi yo‘qligini ham bildirgan.
S.Rahimov, O‘zA