Noqonuniy saqlanayotgan portlovchi modda va pnevmatik qurol
Buxoro viloyat bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan DXX viloyat boshqarmasi vakillari hamda IIB xodimlari bilan hamkorlikda navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan nazorat ostiga olingan fuqaroning yashash xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv jarayonida hech qanday tegishli hujjatlarga ega bo‘lmagan, umumiy vazni 525 grammni tashkil etuvchi kukunsimon, “porox” portlovchi moddasiga o‘xshash ashyo aniqlandi.

Shuningdek, xonadondan 1 dona pnevmatik miltiq ham noqonuniy ravishda saqlab kelinayotgani ma’lum bo‘ldi. Aniqlangan ashyoviy dalillar belgilangan tartibda hujjatlashtirilib, tegishli tartibda olib qo‘yildi.
Mutasaddi idoralar tomonidan mazkur holat yuzasidan barcha zarur protsessual hujjatlar rasmiylashtirilib, hozir tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Aniqlangan moddalarning kelib chiqishi, saqlash maqsadi va holat bilan bog‘liq boshqa jihatlarga huquqiy baho beriladi.

Portlovchi moddalar va turli xil qurollarni noqonuniy saqlash nafaqat qonunbuzarlik, balki jamoat xavfsizligi uchun jiddiy tahdid hisoblanadi. Shu bois bunday holatlarning oldini olish, ularni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri