Noqonuniy nikohni qaysi “mulla“ oʻqidi?
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Joriy yilning 12-fevral kuni fuqaro M.M (ayol) Beshariq tumani IIB boshligʻi nomiga ariza bilan murojaat qilib, unga koʻra, turmush oʻrtogʻi J.M joriy yilning 21-yanvar kunidan fuqaro G.Yu bilan sharʼiy nikoh asosida birga yashab kelayotganligini bildirgan hamda unga noqonuniy nikoh oʻqigan “mulla”ga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.
Viloyat IIB axborot xizmatining maʼlum qilishicha, J.M. ning otasi 51 yoshli M.A esa profilaktika inspektorining xizmat xonasiga kelib, nikoh oʻqigan “mulla“ning shaxsini aniqlamaslik va unga nisbatan qonuniy chora koʻrmaslik evaziga 100 AQSH dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif qilgan.
Profilaktika inspektorining holat yuzasidan rahbariyatga bildirgisi asosida Oʻzbekiston Respublikasi IIV OʻXB Fargʻona viloyati boʻyicha boʻlimi hamda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Beshariq tumani boʻlimi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro M.A profilaktika inspektorining xizmat xonasida unga 100 AQSH dollari miqdoridagi pullarni berayotgan vaqtda ushlandi. 100 AQSH dollari xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida olindi.
Shuningdek, J.M va G.Yu larga noqonuniy nikoh oʻqigan “mulla”ning shaxsiga oydinlik kiritish maqsadida olib borilgan surushtiruv ishlari natijasida ular bir nechta “domla”ga borganliklari, lekin FXDYO boʻlimidan ruxsatnomalari boʻlmaganligi uchun nikoh oʻqita olmaganliklari maʼlum boʻlgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.