Nomzodlar turniri: Sindorov bugun Nakamura bilan kuch sinashadi
Bugun, 3-aprel kuni Kiprda davom etayotgan Nomzodlar turnirining 5-turida mahoratli grossmeysterimiz Javohir Sindorov qora donalarda amerikalik Hikaru Nakamura bilan kuch sinashadi.
Aytish lozim, Nakamura nafaqat klassik shaxmatda, balki rapid va blits formatlarida ham dunyoning eng kuchli shaxmatchilaridan biri hisoblanadi.
Javohir Nomzodlar turnirida o‘tgan yilgi Jahon kubogidagi g‘alabasi orqali ishtirok etayotgan bo‘lsa, AQSH vakili reyting orqali yo‘llanmaga ega chiqqan shaxmatchi sanaladi.
Sindorov professional shaxmatdagi faoliyati davomida xavfli va tajribali raqiblaridan biri Hikaru Nakamura bilan rapid va blits yo‘nalishlarida bir necha bor to‘qnash kelgan.
Klassik yo‘nalishda bir marta kuch sinashgan bo‘lib, unda ham murosa yo‘li tanlangan.
Eslatib o‘tamiz, ortda qolgan 4ta tur o‘yinlari natijasiga ko‘ra, Sindorov, 3,5 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan vaziyatda Nakamura 1,5 ochko bilan 8 nafar ishtirokchi orasida 7-o‘rinda bormoqda.
14 ta turdan iborat Nomzodlar turniri musobaqalari 16-aprelga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA