Nogironlikni belgilash tizimi yangilandi
Sirdaryo viloyatida nogironlikni belgilash va Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza (TIEK) jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 16 iyuldagi "Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida yangi tartibotlar joriy etilmoqda.
Eng muhim yangilik sifatida fuqarolarga murojaat topshirish imkoniyatlari kengaytirilib, uy sharoitida nogironlikni belgilash mumkin bo‘lgan kasalliklar soni yaqin kunlarda 60 tagacha oshiriladi.
Bundan tashqari, muddatsiz nogironlik belgilanadigan kasalliklar ro‘yxati 38 tadan 71 tagacha kengaytirilmoqda. Qo‘shimcha tibbiy tekshiruvlar esa davlat hisobidan bepul amalga oshiriladi. Prezident qaroriga muvofiq, onkologik hamda og‘ir kasalliklar bo‘yicha nogironlikni belgilash jarayoni ham qisqartirilib, fuqarolar uchun bir qator yengilliklar yaratildi.
Ushbu yangiliklar Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. TIEK, sog‘liqni saqlash tizimi hamda OAV vakillari ishtirok etgan tadbirda tizim yanada shaffof va avtomatlashgan tarzda ishlashi ta’kidlandi.

Endilikda nogironlikni belgilashning dastlabki bosqichi oilaviy shifokorlar zimmasiga yuklandi. Viloyatdagi barcha oilaviy shifokorlik punktlari shifokorlari maxsus o‘quv dasturlari asosida tayyorlanib, fuqarolarning tibbiy holatini baholash va hujjatlarni elektron tarzda TIEK ka yuborish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
TIEK va oilaviy shifokorlar o‘rtasida elektron hujjat almashinuv tizimi joriy etilmoqda. Shu munosabat bilan qator shifokorlik punktlari noutbuk, skaner va zarur texnik jihozlar bilan ta’minlanmoqda. Bu fuqarolarning tuman markaziga borib-kelishi, qog‘ozbozlik va ortiqcha sarsongarchiliklarni kamaytirishi kutilmoqda.
Anjumanda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ham tizimga to‘liq integratsiya qilingani ta’kidlandi. Ular fuqarolarning funksional holati va reabilitatsiya ehtiyojlarini baholashda muhim bo‘g‘in vazifasini bajaradi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxtiyor Boyzoqovga so‘zlariga ko‘ra, nogironlikni belgilash bo‘yicha arizalarni endi YAIDXP (my.gov.uz), “Inson” markazlari, ijtimoiy xodimlar yoki oilaviy shifokorlar orqali topshirish mumkin. Uy sharoitida nogironlik belgilash amaliyoti 48 ta kasallik bo‘yicha amal qilib kelayotgan bo‘lsa, bu ro‘yxat yaqin kunlarda 60 tagacha kengayishi belgilangan.
Shuningdek, respublika darajasida maxsus komissiya faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilindi. U TIEK qarorlarini muvofiqlashtirish, yagona standartlarni joriy etish va tizimdagi shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.
E’tiborli jihati, endilikda TIEK a’zolari ham fuqaroga qaysi nogironlik guruhi tayinlanishini avvaldan bilmaydi. Barcha qarorlar tashxis va elektron algoritm asosida avtomatik qabul qilinadi, bu esa inson omilini kamaytirib, korrupsiya ehtimolini yanada pasaytiradi.
Tadbir yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi.
Viloyatda nogironlikni belgilash tizimini yanada sodda, shaffof va aholi uchun qulay qilish bo‘yicha ishlar esa izchil davom ettiriladi.
G‘ulom Primov, O‘zA