Nogironlik imkoniyatlar cheklanishi emas
Samarqand shahrida davlat-xususiy sheriklik asosida “Sabrina saxovat” nogironligi bo‘lgan bolalar kunduzgi parvarish xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 3 fevraldagi “Nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish orqali oilalarning mehnat qilish imkoniyatini cheklovchi sabablarni bartaraf etish va oila a’zolari mehnat qilishiga sharoit yaratish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalarning oila qaramog‘ida qolishini ta’minlash va ijtimoiy yetimlikning oldini olish maqsadida 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmatini tashkil etish vazifasi qo‘yilgan edi.

– Mazkur xizmat 2025 yil 1 martdan boshlab tajriba-sinov tariqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida, 2025 yil 1 oktyabrga qadar respublikaning qolgan hududlarida yo‘lga qo‘yilishi belgilangan, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Sardor Luqmonov. – Shu asosda Samarqand shahrida tadbirkor Tojixol Tog‘ayeva tomonidan ushbu muassasa tashkil etildi. Buning uchun tadbirkorga imtiyozli kredit, bir qator imkoniyatlar berildi va 18 nafar nogironligi bo‘lgan bolani qabul qilib, kunduzgi parvarishlash yo‘lga qo‘yildi.

Nogironligi bo‘lgan bolalar kunduzgi parvarish xizmatiga ularning ota-onalari (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) bilan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari o‘rtasida tuzilgan ijtimoiy shartnoma asosida hamda Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya tomonidan belgilangan tartibda berilgan xulosaga muvofiq qabul qilinadi.


– Maskanda nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlash va tarbiyalash, tengdoshlari bilan muloqot qilishi, reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish uchun barcha sharoit va qulayliklar yaratildi, – deydi tadbirkor Tojixol Tog‘ayeva. – Jumladan, gidrovanna, massaj, logoped, surdo pedagog, defektolog, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish, umumiy mehnat va musiqa darslari, ipoterapiya kabi 12 turdagi xizmatlar ko‘rsatiladi. Buning uchun malakali mutaxassislar ishga qabul qilingan. Nogironlik to‘siq emas, bunday toifadagi insonlarga, ayniqsa, bolalarga ko‘proq mehr berish, g‘amxo‘rlik ko‘rsatish kerak. Ana shunda ular o‘zlarini tengdoshlaridan kam his qilmaydilar, jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida o‘z o‘rinlarini topishga intiladilar. Biz kelgusida nogironligi bo‘lgan bolalarning nafaqat ruhiy va jismoniy salomatligi, balki ta’lim-tarbiyasiga ham alohida yondashib, xizmat ko‘rsatishni maqsad qilganmiz.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari