Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov va boshqalar Amerika Qo‘shma Shtatlarida
Joriy yilning 27–28-iyul kunlari AQSHning Mayami shahrida shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston va AQSH terma jamoalari o‘rtasida "WR Chess Rapid & Blitz" jamoaviy musobaqasi bo‘lib o‘tadi.
Kuni kecha mazkur nufuzli musobaqada ishtirok etadigan O‘zbekiston delegatsiyasi AQSHga yetib bordi.
Musobaqa oldidan O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari Murod Ismoilov, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Komil Sindorov yetakchiligidagi mamlakatimiz sport delegatsiyasi a’zolari WR Chess loyihasi asoschisi Vadim Rozenshteyn bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida O‘zbekistonda shaxmat sport turini ommalashtirish, mahoratli sportchilarni tayyorlash, xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berildi. WR Chess bilan hamkorlikda turli shaxmat musobaqalarini tashkil etish borasida kelishuvlarga erishildi.

Aytish lozim, joriy yil sentabr oyida Samarqandda o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlikning muhim bosqichi sanalgan AQSH-O‘zbekiston bahsida mamlakatimiz sharafini Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev va Shamsiddin Vohidov himoya qiladi. Mahoratli shaxmatchimiz Muhiddin Madaminov jamoaning zaxira a’zosi sifatida qayd etilgan.
Ikki kunlik “aql jangi”da AQSH bayrog‘i ostida Hikaru Nakamura, Fabiano Karuana, Uesli So va Levon Aronyan dona surishi belgilangan.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA