Nodirbek Abdusattorov Hindistonda kuchlilar bilan bellashadi
Bugun, 16-iyul kuni Hindistonning Chennay shahrida mukofot jamg‘armasi 79 ming 500 AQSH dollaridan iborat “Quantbox Chennai Grand Masters 2026” xalqaro turniri boshlanadi.
Mazkur klassik yo‘nalishdagi nufuzli turnirga taklif etilgan 8 nafar eng mahoratli shaxmatchilar qatorida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov g‘oliblikka da’vogarlik qiladi.
Turnirda shuningdek, amaldagi Jahon chempioni Dommaraju Gukesh, qator nufuzli musobaqalarda g‘oliblik va sovrindorlik maqomiga ko‘tarilgan hindistonlik Arjun Erigaisi, fransiyalik Alireza Firuzja, AQSH vakili Hans Niyemann, hindistonlik Nihal Sarin, rossiyalik Dmitriy Andreykin va yana bir Hind shaxmatchisi Pranesh dona suradi.

Klassik shaxmat yo‘nalishida aylanma tizimda o‘tadigan bahslar 7 ta turdan iborat bo‘lib, musobaqalar 22-iyulga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, turnirda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan shaxmatchi 25 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritishi bilan birga reyting ochko jamg‘arishga ham muvaffaq bo‘ladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA