Nodirabegim mahallasida tadbirkorlar ko‘paymoqda
Buxoro viloyatida ham soliq xizmati inspektorlari “mahallabay” ishlash tizimida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
“Mahalla yettiligi”ga kiritilgan soliq xizmati organi xodimlarining asosiy vazifasi o‘ziga biriktirilgan hududdagi ishchi-xodimlarni legallashtirish, noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarning faoliyatini qonuniylashtirishga ko‘maklashish va shu orqali soliq bazasini kengaytirishdir.

Ta’kidlab o‘tish kerak, joriy yilning aprel-may oyida “Mahallalarda soliq organlari faoliyati”ni axborot tizimida baholash natijalariga ko‘ra, viloyatdagi mahalla soliq inspektorlarining samaradorlik ko‘rsatkichi ketma-ket 94,7 ballni tashkil etdi. E’tiborlisi, viloyatda keyingi oylarda samaradorlik ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan mahalla soliq inspektorlari soni ortib bormoqda. Birgina may oyining yakunida samaradorlik ko‘rsatkichlarida qariyb 200 nafar xodim 90 va undan yuqori ball oldi.
G‘ijduvon tumanining 75 ta mahalla fuqarolari yig‘iniga 35 nafar biriktirilgan soliq inspektori tomonidan kunlik ishlar tashkil etilmoqda.

Mazkur tumandagi “Nodirabegim” mahalla fuqarolari yig‘ini ayni paytda tumanning eng ilg‘or mahallaridan biridir. Sababi bu yerda tadbirkorlikning turli yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilgan. “Mahalla yettiligi” sa’y-harakatlari natijasida hududda tadbirkorlar soni ortib bormoqda.
– Menga 2 ta mahalla biriktirilgan, shundan bittasi Nodirabegim, – deydi mahalla soliq inspektori Ulug‘bek Haydarov. – Ushbu mahallaning soliq tushumlari prognozi 3 milliard 763 million so‘mni, shundan 5 oyligi 1 milliard 456 million so‘mni tashkil etadi. Yil oxirigacha mahalla ixtiyorida qoladigan mablag‘ 46 million so‘mga rejalashtirilgan. Bugunga kelib bu rejani 1 milliard 526 million so‘mga yoki 105 foizga bajardim. 6 ta ishlamay turgan tadbirkorning faoliyatini tikladim, 13 ta korxonada 80 dan ortiq ishchi faoliyatini legallashtirdim. 129 nafar noqonuniy ishlayotgan fuqaroni tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va o‘zini-o‘zi band qilish natijasida 38 million so‘m byudjetga qo‘shimcha manba aniqladim. Yil oxiriga qadar “Mahalla yettiligi” bilan ishlab, mahalla ixtiyorida qoladigan 46 million so‘mni 100 million so‘mga yetkazish choralarini ko‘ramiz.

Soliq inspektori hududidagi aholi bilan ishlashdagi xushmuomalasi, tadbirkorlar faoliyatini rivojlantirishda ularga yaqindan turib madad berishi uning mahallada hurmat-ehtirom qozonishiga sabab bo‘lmoqda.
Bugungi kunda joylarda mahalla soliq inspektorlari tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, yashirin tadbirkorlarni ochiqqa olib chiqish va buning hisobiga soliq bazasini kengaytirishda jonbozlik ko‘rsatmoqda. Asosiysi, bu kabi ishlarga aholi o‘rtasida soliq ma’muriyatchiligini to‘g‘ri targ‘ib qilish va xalqimizning soliq madaniyatini yuksaltirish orqali erishilmoqda. Bunday yondashuvlar hududlarda yangi-yangi tadbirkorlar va ishbilarmonlar ko‘payishiga, pirovardida esa mahallalar taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri