Nodavlat notijorat tashkilotlari faolligi yanada ortadi
Andijonda davlat dasturlari va strategik rejalashtirish hujjatlarida ishtirok etayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari sonini va ularning faolligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
"O‘zbekiston – 2030" Strategiyasining 83-maqsadida ijtimoiy sheriklikda amalga oshiriladigan loyihalar sonini kamida 3 baravarga ko‘paytirish, davlat dasturlarida ishtirok etayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari sonini kamida 80 taga yetkazish vazifasi belgilangan. Mamlakatimizda ana shu maqsadga erishish yo‘lida mutasaddi tashkilotlar tomonidan zarur ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Andijonda o‘tkazilgan davra suhbati ham ana shu yo‘nalishdagi tadbirlardan biri bo‘ldi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Xalq deputatlari Andijon viloyati kengashi, O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan davra suhbatida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi mutasaddilari, Xalq deputatlari Andijon viloyati kengashi deputatlari kotibiyati va viloyat hokimligi mas’ul xodimlari, viloyat adliya boshqarmasi hamda viloyatda faoliyat olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
[photobank-31534]
Tadbirda so‘z olgan Xalq deputatlari Andijon viloyati kengashi raisi O‘ktamjon Oxunov va boshqalar tomonidan O‘zbekistonda adolatli, huquqiy, demokratik, ijtimoiy davlat, erkin va ochiq fuqarolik jamiyati barpo etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi, mazkur jarayonda, xususan, davlat dasturlari ijrosini ta’minlashda nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni, roli va ishtiroki tobora ortib borayotganligi ta’kidlandi.
Davra suhbatida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakoning “Davlat dasturlari va strategik rejalashtirish hujjatlarida ishtirok etayotgan mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlar sonini bosqichma-bosqich oshirib borishning dolzarbligi va ahamiyati to‘g‘risida”, Andijon viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i Otabek Bozorovning “Davlat dasturlarining amalga oshirilishini o‘rganishga nodavlat notijorat tashkilotlarini jalb qilish va ularning faolligini oshirish masalalari” mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi.

Ma’ruzalarda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularni davlat dasturlari ijrosi doirasidagi ishlarga kengroq jalb etish, jamoatchilik nazoratini tashkil etishdagi ishtirokini kuchaytirish, bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish xususida ma’lumotlar berildi.
Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar hamda mazkur yo‘nalishdagi ishlar ko‘lamini kengaytirish, sifati va samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Andijon viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari Sherzodbek Valiyev hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Andijon viloyati bo‘limi rahbari Zarifa Ahmedova ishtirokchilarga viloyatda nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatini monitoring qilish, samarali ish olib borishlariga ko‘maklashish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar taqdim etdi.
Munozara, muloqot va savol-javoblar asosida o‘tgan davra suhbati yakunida mavzu doirasidagi ishlarni samarali amalga oshirish, xalq deputatlari mahalliy kengashlari va NNTlar hamkorligini mustahkamlash yuzasidan muhim vazifalar belgilab olindi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari