Nodavlat Akademiyaga qabul boshlandi
Andijonda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Mehnat va ijtimoiy munosabatlar Akademiyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Keng jamoatchilik, kasaba uyushma tashkilotlari vakillari, akademiyada o‘qish istagidagi yoshlar va ularning ota-onalari ishtirok etgan tadbirda Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi birinchi prorektori Abduxalil Atamatov, prorektor Azim Mirzajonov ishtirokchilarga yangi tashkil etilgan nodavlat ta’lim muassasasi haqida ma’lumotlar berdi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 avgustdagi “Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan mazkur nodavlat ta’lim muassasasida mehnat va ijtimoiy munosabatlar sohasi uchun oliy ma’lumotli, malakali mutaxassislar tayyorlanishi belgilangan.
Uchrashuvda yangi tashkil etilgan ta’lim muassasasi imkoniyatlari, mavjud ta’lim yo‘nalishlari, 2022-2023 o‘quv yillari uchun kunduzgi ta’limning bakalavr yo‘nalishi bo‘yicha abituriyentlar qabul qilish tartiblari xususida keng ma’lumotlar berildi. Shuningdek, https://atso.mdg.uz veb-sayti orqali ham qabul yuzasidan ma’lumotlarni bilish mumkinligi aytib o‘tildi.


– Birinchi o‘quv yilida akademiyamizning Mehnat sohasini boshqarish fakultetiga mehnat muxofazasi va sanoat xavfsizligi (tarmoqlar bo‘yicha), hayot faoliyati xavfsizligi, inson resurslarini boshqarish, ijtimoiy ish, psixologiya, menejment, yurisprudensiya yo‘nalishlari bo‘yicha talabalar qabul qilinadi, – deydi Mehnat va ijtimoiy munosabatlar Akademiyasi birinchi prorektori Abduxalil Atamatov. – Ta’lim muassasamizda talabalarning o‘qishi, puxta bilim olishi va yashashi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.
Uchrashuvda mutaxassislar tomonidan mazkur Akademiyada o‘qish 4 yil davom etishi, o‘zbek va rus tillarida, to‘lov-kontrakt asosida olib borilishi, umuman, qabul jarayonlari to‘g‘risida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berildi.



F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA