NKMKda raqamlashtirish samaradorlikka olib kelmoqda
Navoiy shahrida “NKMKda ishlab chiqarishni raqamlashtirish, faoliyatga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, erishilgan natijalar va istiqboldagi rejalar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Vohidjon Po‘latov va Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bahriddin Bozorovlar tizimda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
– “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Chunki dunyoda kechayotgan keskin raqobat ishlab chiqarish korxonalari oldiga ham mavqeini saqlab qolish uchun yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, kengaytirish va modernizatsiya qilish, faoliyatni raqamlashtirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etishni taqozo etmoqda, – dedi Vohidjon Po‘latov.
– Keyingi yillarda kombinatda ishlab chiqarishga sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni tatbiq etish bo‘yicha keng qamrovli ishlar, ko‘plab loyihalar amalga oshirildi. Birgina, 2021-2023 yillarda korxonaning ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha 40 dan ortiq chora-tadbir amalga oshirilgani buning isbotidir. Natijada kombinat faoliyatiga 67 ta zamonaviy raqamli yechimlar bosqichma-bosqich joriy etilib, 300 million dollarlik iqtisodiy samaradorlikka erishish kutilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, kombinatning 2023-2030 yillarga mo‘ljallangan raqamli strategiyasi dasturiga asosan mutaxassislarimiz BCG ("Boston Consulting Group") xalqaro konsalting kompaniyasi bilan hamkorlikda korxona faoliyatiga 12 ta yo‘nalishda raqamlashtirish loyihalari va 116 ta zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish ustida ish olib bormoqda.
Konchilikni boshqarish, raqamli gidrometallurgiya, yagona kon-geologik tizim, texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlashni boshqarish yagona tizimi shular jumlasidandir. Bu kabi loyiha va yechimlarning faoliyatga tatbiq etilishi ish samaradorligini oshirish, xarajatlarni kamaytirish, xavfsizlikni ta’minlash, ish jarayonlarini muntazam kuzatib borish, nuqsonlarni aniqlash va tezkor bartaraf etish hamda boshqa qulayliklarni yaratmoqda.
– Kombinatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga ko‘tarish borasida ham aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – dedi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bahriddin Bozorov. – Gidrometallurgiya zavodlarida texnologik jarayonlarni raqamlashtirish hisobiga keyingi paytda 140 milliard so‘m iqtisodiy samaradorlikka erishildi.
Natijada uskunalar samaradorligi 3 foizga, texnologik uchastkalarning umumiy unumdorligi 5 foizga oshdi va elektr energiya resurslarining 4 foiz tejalishiga erishildi Bu, byudjetlashtirish, soliq hisobi, xaridlarni boshqarish, transport vositalarini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish, ma’lumotlar yo‘qolishining oldini olish tizimi (DLP), 5- va 6-gidrometallurgiya zavodi tegirmon bloklarida texnologik jarayonlarning avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini o‘z ichiga oladi.

Bu loyihalarni joriy qilish natijasida ishlab chiqarish va moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini o‘z vaqtida ishonchli rejalashtirish va rejalarning bajarilishini nazorat qilish hamda yagona axborot tizimida byudjet hisobotlarini yuritish, hisobotlarni shakllantirish vaqtini 1 oyga qisqartirish, transport vositalarini samarali va tezkor boshqarish, transport yo‘l bosish masofasini qisqartirish borasida yuqori samaradorlikka erishish va kiberxavfsizlik talablari ta’minlandi.
Raqamli xizmatlar qamrovini kengaytirish va sifatini oshirish bo‘yicha 3 ta loyihani amalga oshirish belgilangan edi. Markaziy kon boshqarmasida ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarish yagona situatsion markazi tashkil etilib, o‘tgan yili noyabr oyida foydalanishga topshirildi. Ayni paytda esa “Zarmitan” konida “Yer osti ishchi xodimlari va texnikalarning joylashishini nazorat qilish, aloqa va ogohlantirish tizimi”ni joriy qilish hamda mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishini hisobga olishning yagona axborot tizimi kabi loyihalarni amalga oshirish ishlari olib borilmoqda.
Yoqilg‘i-moylash materiallarini tejashni raqamlashtirish bo‘yicha katta qadamlar qo‘yildi. Jumladan, kombinatda transport vositalari va mexanizmlarini avtomatik monitoring tizimi doirasida 3,5 mingdan ortiq transport vositasiga avtomatik o‘lchov va nazorat vositalari o‘rnatildi va shuning hisobiga oxirgi ikki yilda – 21,3 ming tonnadan ziyod dizel yoqilg‘isi yoki 265 milliard so‘m iqtisod qilindi.
Matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri