Nishon tumanida o‘zgarishlar boshlandi
Respublika Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov Qashqadaryo viloyatining Nishon tumani faollari bilan onlayn muloqot qildi.
Tuman studiyasida sektor rahbarlari, tuman kengashi deputatlari, hokim o‘rinbosarlari, korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda tadbirkorlar ishtirok etdi. Shuningdek, joylardan Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim vazirliklari, tijorat banklari, Savdo-sanoat palatasi va “Hududgaz” Qashqadaryo filiali mas’ullari ham onlayn muloqotda qatnashdi.
Muloqot chog‘ida Prezidentimizning shu yil 12-13 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqqa muvofiq Nishon tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan o‘rganishlar natijasi muhokama qilindi.
Ta’kidlash lozimki, A.Ikromov Nishon tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha mas’ul etib begilangan.
Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jaryonida Nishon tumani markaziy shifoxonasini ta’mirlash masalasi ham muhokama qilindi.
– Bir necha yil avval Nishon tumanida bo‘lganimda tibbiyot birlashmasidagi shart-sharoitni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Bilishimcha, hozir ham havas qiladigan darajada emas. To‘g‘ri, avval mablag‘ masalasida muammo bo‘lgan. Lekin bugun davlatimiz rahbari barcha imkoniyatni yaratib beryapti, zarur mablag‘ ajratilyapti. Endi, chuqur mulohaza, tahliliy yondashuv bilan ishlashimiz kerak. – deya ta’kidladi A.Ikromov.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Nishon tuman tibbiyot birlashmasida 13 ta bo‘lim mavjud. Shuningdek, 1 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 2 ta poliklinika, 4 ta QOP, 6 ta QVP hamda Talimarjon shaharchasidagi shifoxonaning 4 ta bo‘limida bemorlarga tibbiy xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda.
Prezidentimiz tashrifidan so‘ng 15 kun ichida tumanda salkam 5 ming gektar yer tadbirkorlarga ajratib berildi.
– 10 ming gektar yer hisobidan 1000 gektar bog‘ (asosan o‘rik), 1000 gektar uzumzor tashkil etish, 2500 gektardan ortiq maydonga sabzavot, poliz, dukkakli va soya mahsulotlarini yetishtirish hamda 5 ming 500 gektardan ortiq maydonlarga chorvachilik uchun ozuqa ekinlari ekilishi bo‘yicha har bir kontur kesimida chora-tadbirlarni belgilab oldik. Ishlar boshlandi, o‘tgan 15 kun ichida ishlatishga kiritiladigan 5 ming gektarga yaqin yer maydoni tadbirkorlarga ajratib berildi, – dedi Nishon tuman hokimi Muxtor Hayitmurodov.
Ta’kidlanganidek, hukumatimiz tomonidan ajratilayotgan 20 milliard so‘m mablag‘ hisobiga shu yilning o‘zida tumandagi 35 kilometr yaroqsiz holga kelib qolgan lotok tarmoqlari almashtiriladi va 225 kilometr kollektor va drenaj tarmoqlari ta’mirlanadi. Buning evaziga 24 ming gektar maydonlarni meliorativ holati yaxshilanadi va bunga qo‘shimcha ravishda uzoq yillardan buyon ishlatishdan chiqib ketgan Shirinobod, Navbahor, Uchmula, Oq oltin va Samarqand hududlaridagi 10 ming gektardan ortiq yer maydonlarining meliorativ holati hamda suv ta’minoti yaxshilanishi hisobiga qaytadan ishlatiladigan yerlar hisobiga kiritiladi.
O‘.BAROTOV, O‘zA