Nigeriyadagi sirli holat ortidan Shveysariya va Uganda bahslashmoqda
Nigeriyada Ebola virusini yuqtirgan bemor, Abujada faoliyat yuritayotgan shveysariyalik diplomatning ugandalik ayoli Kongo Demokratik Respublikasiga sayohat qilmagan.
Bu haqda juma kuni Shveysariya hukumati “Reuters” agentligiga bergan bayonotida ma’lum qilib, ilgari Uganda tomonidan berilgan xabarlarni rad etdi. Vaholanki, payshanba kuni Shveysariya Tashqi ishlar federal departamenti bu juvon Shveysariya fuqarosi ekani, virusni turmush o‘rtog‘i bilan birga kasallik qayd etilmagani aytilayotgan Ugandaga qilgan safari chog‘ida yuqtirgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Uganda rasmiylari esa Nigeriyada xastalangan ayol may oyi o‘rtalarida epidemiya boshlangan hamda kasallik tarqalish tezligi bo‘yicha rekord o‘rnatgan sharqiy Kongoda bo‘lganini da’vo qilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va Afrika kasalliklarni nazorat qilish markazi payshanba kuni ayol Kongoga borgani tasdiqlangan ma’lumotga ega emasligini ma’lum qildi. Natijada Shveysariya tashqi ishlar mahkamasi juftlik KDRga bormaganini rasman aniqlashtirdi.
Ugandada may va iyun oylarida asosan Kongodan o‘tgan 20 nafar fuqaroda Ebola holati qayd etilgan, avgust oyida esa JSST mamlakatni virus bartaraf etilgan hudud deya e’lon qilgan.
Uganda hukumati matbuot kotibi Alan Kasujja mamlakatda hech qanday Ebola holati yo‘qligi, agar aniqlansa, bu haqda jamoatchilikka ochiq ma’lum qilinishini ta’kidladi. Nigeriyada so‘nggi o‘n yil ichida ilk bor qayd etilgan mazkur holat epidemiya Afrikaning to‘rt mamlakati – Kongo, Uganda, Keniya va Nigeriyaga tarqalganini ko‘rsatadi. Afrika kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi ma’lumotiga ko‘ra, epidemiya oqibatida taxminan 4700 kishi halok bo‘lgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA