Niderlandiyada noyob xanjar topildi
Niderlandiyada Indoneziya shahzodasi Diponegoroga tegishli qadimiy xanjar topildi va haqiqiy egalariga qaytarildi.
Niderlandiyada Indoneziya shahzodasi Diponegoroga tegishli qadimiy xanjar topildi va haqiqiy egalariga qaytarildi. Yevropadagi mazkur moʻjaz qirollik hukumati koʻp yillik saʼy-harakatlar, yaʼni 45 yillik qidiruvlardan soʻng, nihoyat, oʻz vaʼdasini bajardi.
Noyob topilmani tantanali suratda topshirishga bagʻishlab Gaagadagi Indoneziya elchixonasida oʻtkazilgan marosimda Niderlandiya madaniyat vaziri va Indoneziyaning ushbu davlatdagi elchisi, shuningdek lolalar yurtidagi Leyden etnologiya muzeyi direktori ishtirok etdi. Maʼlum boʻlishicha, xanjarni aynan shu muzey eksponatlari orasidan qariyb ikki yil davomida qidirishgan.
– Ushbu xanjar Indoneziya uchun juda muhim va qadrli, – deya voqeaga izoh bergan elchi Feri Isvandi. – Diponegoro – bizning milliy qahramonimiz. Shahzodamizga tegishli mazkur buyum uning mavqeini belgilagan.
Tarixdan maʼlumki, Indoneziya bir vaqtlar Gollandiyaning mustamlakasi hisoblangan. “Qoʻzgʻolonchi shahzoda“ 1830-yil, Diponegoro va Gollandiya imperiyasi oʻrtasida kechgan 5 yillik keskin qarama-qarshilikdan soʻng ushbu xanjarni bosqinchilarga topshirishga majbur boʻlgan.
Niderlandlar 1949-yili Indoneziyaning mustaqilligini tan oldi. 1975-yilda tomonlar oʻrtasida “qahramon”ning shaxsiy buyumlarini qaytarish majburiyati toʻgʻrisidagi bitimni imzolashgan. Shahzodaga tegishli mulk roʻyxatida xanjar ham bor edi. Oʻsha paytda Jakartaga faqat egar, nayza va tantanalar, marosimlar chogʻida shahzoda foydalanadigan soyabon berilgan.
Niderlandiyalik mulozim Van Berdenning eʼtirof etishicha, xanjarning yoʻqolib qolishiga tashkiliy muammolar bilan birga, qisman, qimmatbaho yodgorlikni egalariga qaytarishni xohlamaslik hissi ham sabab boʻlgan.
Endi ushbu noyob buyumni Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida joylashgan milliy muzey koʻrgazmasiga qoʻyiladi.