“Neftchi” karvonboshi bo‘lishi mumkin edi, ammo...
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasida 16-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda. Kuni kecha Farg‘onada ushbu tur doirasida “Neftchi” Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubini qabul qildi.
Namanganda 10 avgust kuni mamlakat chempionatida karvonboshi bo‘lib kelayotgan “Navbahor” O‘zbekistonning amaldagi chempioni Toshkentning “Paxtakor” jamoasini qabul qilib, 1:2 hisobida yutqazib qo‘ydi va turnir jadvalidagi peshqadamlikni poytaxt klubiga bo‘shatib berdi.

“Neftchi”dan o‘z maydonida “So‘g‘diyona”ni mag‘lubiyatga uchratish va bir yo‘la, “Navbahor”ni ham, “Paxtakor”ni ham ochkolar hisobida quvib o‘tib, chempionat peshqadamiga aylanishi talab etilayotgan edi. Ammo, futbol iborasi bilan aytganda, maydon tekis, to‘p yumaloq, hamisha ham istaklar xohishlar bilan to‘g‘ri kelavermaydi, farg‘onaliklar bu imkoniyatdan foydalana olmadi.

O‘yinning ilk daqiqalaridan hujumga tashlangan vodiylik futbolchilar jizzaxliklar darvozasini ishg‘ol etishni ham uddasidan chiqdi, ammo vaziyat o‘yindan tashqari holatda ro‘y bergani sabab, VAR aralashib, maydon egalari tomonidan o‘yindan tashqari holatda kiritilgan gol inobatga olinmadi.
Uchrashuvning ikkinchi bo‘limida maydon egalari hujumlar sonini oshirib, faol harakat qildi, hatto. mehmonlar darvozasi yana bir bor ishg‘ol etildi. Farg‘onalik Ulug‘bek Hoshimov to‘pni qo‘li bilan darvozaga yo‘llagani sabab bu gol ham hisobga olinmay, evaziga o‘yinni boshqargan hakam uni sariq kartochka bilan “siyladi”.

Ushbu bahs murosasiz, tortishuvlarga boy o‘tdi. Shu sababdan ham bosh hakam Rustam Lutfullin “So‘g‘diyona” futbolchilaridan 4 nafariga va jizzaxliklar bosh murabbiyi Ivan Boshkovichga jami 5 marotaba, farg‘onaliklardan 3 futbolchiga va bahs yakuniga yetadigan chog‘ida Izatilla Abdullayevga ikkinchi bor sariq ko‘rsatib, 90+7-daqiqada ikkinchi sariq kartochka, belgilangan futbol nizomiga ko‘ra qizilga “aylanib”, u maydondan chetlatildi.

Shunday qilib, “Neftchi” va “So‘g‘diyona” o‘rtasidagi bahs durang natija bilan nihoyasiga yetdi va farg‘onaliklarning suyukli jamoasi turnir jadvalida egallab turgan uchinchi pog‘onadan birinchi o‘ringa ko‘tarilish imkoniyatidan foydalana olmadi.
Shu o‘rinda, “Neftchi” sakkiz yillik noxush, ya’ni “So‘g‘diyona”ni Farg‘onada mag‘lubiyatga uchrata olmaslik an’anasiga chek qo‘ya olmadi. “Neftchi” – “So‘g‘diyona” yakuniy hisob – 0:0.

Ushbu turdagi 10 avgust sanasida Qarshida o‘tgan “Nasaf” – “Buxoro” (Buxoro) bahsida Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari bir amallab, Ulug‘bek Baqoyev bosh murabbiyligidagi ko‘hna shaharliklarni 1:0 hisobida yutgan bo‘lsa, kecha Olmaliqda OKMK ham Toshkentning “Olimpik” klubini zo‘r-bazo‘r 2:1 hisobida dog‘da qoldirdi.

Bugun Toshkentda Termizning “Surxon” jamoasi Yaypanning “Turon”, poytaxtlik “Bunyodkorchilar” esa Andijonning “Andijon” jamoasini qabul qilsa, ertaga (13 avgust) Navoiydagi “Qizilqum” va Bekobodning “Metallurg” klublari o‘rtasidagi bahs bilan 16-tur nihoyasiga yetadi.
A.QAYUMOV,
O‘zA