“Neftchi” chempionlik uchun kurashadi (+video)
Futbolni bekorga millionlar o‘yini, demaydilar. Har bir natija darhaqiqat millionlar kayfiyatiga ta’sir qiladi.
Farg‘onadagi muhtasham san’at saroyida “Neftchi” klubining 2024-yil mavsumiga taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unga futbol va klubning ashaddiy ishqibozlari, viloyat futbol akademiyasi o‘quvchilari, yoshlar vakillari kelishdi.

Shuni aytish kerakki, 1962-yilda Farg‘ona neftni qayta ishlash korxonasi homiyligida ochilgan klub 1992-yildan buyon O‘zbekiston birinchiligining Oliy ligasida to‘p surib keladi. O‘tgan yillar davomida besh bor oltin, to‘qqiz bor kumush medallar sohibi bo‘lgan.
“Neftchi” so‘nggi yillarda yana avvalgi shuhratini tiklash uchun astoydil harakat qilmoqda. 2023-yil yakuniga ko‘ra 5 o‘rinni egalladi.

Taqdimot tadbirida viloyat futbol assotsiatsiyasi Prezidenti, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov 2024-yilda “Neftchi” uchun chempionlik medallariga ega bo‘lish imkoniyatlari mavjud dedi. Chunki komandaga yangitdan 15 nafar kuchli futbolchilar jalb etildi. Ular orasida Ruminiya, Rossiya, Daniya, Malaziya klublarining mohir o‘yinchilari, “Paxtakor”, “Lokomotiv”, OKMK, “So‘g‘diyona”, “Buxoro” futbol klublaridan taklif etilgan yetakchi futbolchilari ham bor.
Futbol muxlislari qutlovlari ostida ularga raqamli futbolkalar tantanali ravishda topshirildi.

Jamoa nomidan so‘zga chiqqan bosh murabbiy Vitaliy Levchenko ishqibozlar va tashkilotchilar ishonchini oqlab bu yil chempionlik uchun kurashamiz, dedi.
Taqdimot viloyat san’atkorlarining katta konserti bilan davom etdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/OURPuYblEyY" title="" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA