Nayza va bosqon uloqtirish bo‘yicha atletlar bahsi qizg‘in pallada
Toshkent shahrida yengil atletikaning uloqtirish turlari bo‘yicha o‘tkazilgan Respublika turniri bu yil ham iqtidorli yoshlarni kashf etish va ularning sport mahoratini oshirishga xizmat qildi.
Turnir doirasida bosqon va nayza uloqtirish yo‘nalishlarida U18 va U16 yosh toifalarida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
18 yoshgacha bo‘lgan yigit va qizlar o‘rtasidagi bosqon uloqtirishda Dilnoza Kubayeva 44.41 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. O‘g‘il bolalar o‘rtasida esa Muhammadaziz Nosirov 70.97 metr ko‘rsatkich bilan chempionga aylandi.

U16 yosh toifasida Bobur Xoljigitov 59.53 metr natija bilan birinchi o‘rinni egalladi. Uning ortidan Amal Gulyamov (30.14 metr) va Baxtiyor Hotamov (29.42 metr) joy oldi. Qizlar o‘rtasidagi bahslarda Dilnoza Mukarramova bosqonni 44.63 metrga uloqtirib musobaqa g‘olibi bo‘ldi. Sevinch Bozorboyeva (40.05 metr) va Durdona Abduvosiyeva (34.01 metr) kumush va bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

Mazkur yosh toifasidagi nayza uloqtirish bellashuvlarida Diana Ergasheva, Durdona Jumanqulova hamda Mubinaxon Ne’matjonova shohsupaga ko‘tarilgan bo‘lsa, o‘g‘il bolalar o‘rtasida Umar Rahimjonov, Egamberdi Muzaffarov va Davronbek Muratboyev g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, bu kabi musobaqalar yoshlar o‘rtasida yengil atletikaning uloqtirish turlari yanada ommalashishi, kelgusida xalqaro maydonlarda munosib natija ko‘rsata oladigan sportchilar zaxirasi shakllanishiga xizmat qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA