Navro‘zi olam bayrami davom etmoqda
Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani tog‘li hududda joylashgani bois erta bahor hududning qir adirlari, tog‘ yonbag‘irlariga o‘zgacha fusun bag‘ishlaydi.
Bayram munosabati bilan tuman markazidagi sayilgohda milliy taomlar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Taomlar orasida hudud aholisi tomonidan “Tobatoshnon” deb ataluvchi non e’tiborimizni tortdi. Dehqonobod tumani tog‘li hudud bo‘lgani bois odatlari bo‘lakcha. Odamlar qadriyatlarini asrlardan asrlarga olib o‘tadi. Ushbu non boshqalaridan ochiq havoda qizdirilgan tosh ustida pishirilishi bilan ajralib turar ekan.
– Bunday nonlar tog‘li hudud aholisi tomonidan hozirgacha tayyorlanadi, – deydi tumandagi Chuchchiquduq MFY faoli Hanifa Allamurodova. – Boisi qadimda toshloq yerda yashagan aholi tandir qilish uchun tuproq topishga qiynalgan, bundan tashqari, yerdan qazishni ham imkoni bo‘lmagan, shuning uchun yassi toshga ishlov berilib, tova shaklida o‘ziga xos non pishiradigan “uskuna” yasalgan. Uning ostidan olov yoqilgan. Qizigan toshga nonning oldi va orqa tomoni pishirib olingan. Ko‘proq tog‘larga chiqib ketgan cho‘ponlar shu usulda non pishirgan.
[gallery-6316]
Albatta biz ushbu nondan tatib ko‘rish baxtiga muyassar bo‘ldik. Ta’mi rostdan o‘zgacha. Hanifa Allamurodovaning ta’kidlashicha, tobatoshnon vitamin va menirallarga boy bo‘lib, uni doimiy iste’mol qilib yurgan kishi quvvatli bo‘lar ekan. Sababi bunday nonlarni tayyorlash jarayonida, xamirga kuydirilgan qo‘y yog‘i, piyoz va hatto har xil ko‘katlar ham qo‘shiladi.
Bayram sayli tumandagi yoshu qariga birdek xush kayfiyat bag‘ishladi. Ayniqsa poytaxtdan kelgan taniqli san’atkorlarning chiqishlari ularda katta taassurot qoldirdi. Tadbir doirasida katta ko‘pkari musobaqasi ham uyushtirildi. Viloyatning barcha hududlaridan kelgan chavandozlar uloq tortishdi. Katta zotlar qo‘yildi. Shuningdek, bayram munosabati bilan tuman “Mahalla” xayriya jamoat fondi xodimlari tomonidan 10 ta nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan fuqarolar holidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari berildi.
Bayram saylida tuman hokimi Zoyir Aliqulov ishtirok etib, tuman ahlini Navro‘z bilan tabrikladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.