Navoiylik yoshlar Zominga sayohat qildi
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan tashabbuslar izchil davom etmoqda.
Ana shunday ezgu maqsadlar doirasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyati Kengashi tomonidan korxona va tashkilotlarda ishlovchi yoshlar, shuningdek, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan yigit-qizlar uchun Zomin tumaniga ikki kunlik sayohat tashkil etildi.
– Ushbu sayohat davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan yoshlarga oid islohotlarning amaldagi ifodasi bo‘lib, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni jamoaviylik va hamjihatlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi, – deydi Federatsiyaning viloyat Kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Dilafro‘z O‘rozova. – Shu bilan birga, bunday tadbirlar yoshlarning dam olishini samarali tashkil etish orqali ularning ruhiy va jismoniy tiklanishiga ham hissa qo‘shadi. Sayohat davomida ishtirokchilar Zominning so‘lim tabiati, musaffo havosi va betakror manzaralaridan bahramand bo‘lish bilan birga, turli madaniy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etdi. Jamoaviy o‘yinlar va ma’naviy suhbatlar esa yoshlar o‘rtasida do‘stlik aloqalarini mustahkamlab, ularning jamoada ishlash ko‘nikmalarini yanada rivojlantirdi.
Bu kabi tashabbuslar Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning inson manfaatlariga xizmat qilayotganining yaqqol dalilidir. Ayniqsa, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashi, o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri