Navoiylik jurnalistlarga ehtirom ko‘rsatildi
27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan navoiylik bir guruh faol ijodkorlar Navoiy viloyati hokimi tomonidan rag‘batlantirildi.
Viloyat hokimligi majlislar zalida tashkil etilgan tantanali tadbirda viloyat hokimi Normat Tursunov so‘zga chiqib, yurtimizda so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini, ularning faoliyati samaradorligini yanada oshirish, media tarmoqlarining huquqiy, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangilash, texnik-texnologik jihatdan modernizatsiya qilish, jurnalist kasbining ijtimoiy maqomi, nufuzini ko‘tarish, soha xodimlarining mehnatini moddiy, ma’naviy rag‘batlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etish kerak, ayni paytda Navoiy viloyatida 27 ta gazeta, 1 ta televideniye va radio hamda bir qator mustaqil internet saytlarida 200 nafardan ortiq ijodiy xodimlar mehnat qilmoqda. Ularning 57 nafari O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosidir. Shuningdek, bugun viloyat, tuman va shahar hokimliklari Axborot xizmatlari hamda korxona va tashkilotlar matbuot xizmatlari ham samarali faoliyat yuritmoqda.
[gallery-12525]
Ayni paytda ommaviy axborot vositalari vakillarining 1 nafari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, 1 nafari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, 4 nafari “Mehnat shuhrati” va “Do‘stlik” ordenlari nishondorlari, 4 nafari esa “Shuhrat” medali sovrindoridir. Joriy yil 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni munosabati bilan o‘tkazilgan “Oltin qalam” milliy tanlovida Navoiy viloyati teleradiokompaniyasi muharriri Marg‘uba Bobonazarova munosib ishtirok etib. sovrindor bo‘ldi.
– Bugungi kunda davlat boshqaruv organlari faoliyati ochiqligini ta’minlash, hududlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, qolaversa aholining mavjud muammolarini keng jamoatchilik muhokamasiga olib chiqishda jurnalistlarning roli oshib bormoqda, – deydi faxriy jurnalist, “Salomatlik” gazetasi muharriri Ibrohim Jumayev. – Buni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinayotgan tahliliy materiallar, jurnalistik tekshiruv ishlari va tanqidiy ko‘rsatuvlar soni ortib borayotganida ko‘rish mumkin.
Tantanali tadbirda bir guruh OAV vakillari, faxriy jurnalistlar va blogerlarga viloyat hokimining “Faxriy yorlig‘i”, “Tashakkurnoma”si va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA.