Navoiylik elektromontyor ayol
Elektr energetika sohasi ko‘pchilik tasavvurida erkaklar ishlaydigan yo‘nalish deb, hisoblanadi. Ammo, “Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi”da buning aksini ko‘rish mumkin. Korxonada ishlaydigan xodimlarning 100 dan ziyodi xotin-qizlarni tashkil etadi.
Ushbu korxona xodimi – Alyona Karpovaning energetika sohasida ishlaganiga 27 yil to‘ldi. Hozirda u "Navoiy HETK" AJ beshinchi podstansiyasida texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha elektromontyor bo‘lib ishlab kelmoqda. Mehnat faoliyatini energetik sifatida, 1994 yilda Uchquduq tumanida Navoiy KMK bo‘limlaridan birida elektr jihozlarini ekspluatatsiyasi bo‘yicha mutaxassis sifatida boshlagan. So‘ng uzoq vaqt davomida Navoiy shahriga xizmat ko‘rsatadigan brigadaning elektromontyori bo‘lib ishlagan. Erkak hamkasblari bilan bir qatorda favqulodda elektr toki o‘chgan joylarni bartaraf etish ishlarida qatnashib, tez fursatlarda iste’molchilar “chirog‘”ini yoqib kelmoqda.
– Bizning ishimizda mas’uliyat, e’tibor, qat’iyat va kasbini sevish muhim ahamiyat kasb etadi, - deydi Alyona Karpova. – Sohaga oid nima yangi ma’lumot eshitsam yoki ko‘rib qolsam, albatta o‘rganishga oshiqaman. Ishimizda favqulodda vaziyatlar unchalik ko‘p bo‘lmasada, biroq ob-havo yomon tomonga o‘zgarishni boshlasa, doimo ichimizda xavotir uyg‘onadi.
Har qaysi ayol avvalo ona, oila bekasidir. Onalik burchini, farzandlar tarbiyasini eng birinchi vazifa, deb biladigan A.Karpova turmush o‘rtog‘i Vladimir Karpov bilan ikki nafar o‘g‘lini oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazdi. Kenja farzandi Andrey onasining kasbiga havas qilib, Navoiy davlat konchilik institutining energetika fakultetida tahsil olmoqda.
Siroj ASLONOV olgan suratlar.