Navoiyda “Jajji zakovatchilar” bellashdi
Viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi tashabbusi bilan “Ma’naviyat va ma’rifat” markazida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 6-7 yoshli tarbiyalanuvchilari o‘rtasida “Jajji zakovatchilar” intellektual o‘yinining viloyat breyn-ring bosqichi o‘tkazildi.
bugungi kunda barcha soha xodimlari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini ommalashib, muntazam ravishda bellashuvlar tashkil etilmoqda. Endi ular safiga jajji bolajonlar ham qo‘shildi.

Ushbu harakatni qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yoshlarning mantiqiy fikrlashini oshirish, ularni saralash va intellektual o‘yinlarga keng jalb qilish, ushbu o‘yinlar tashkil qilinishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, aholining intellektual salohiyatini yuksaltirish maqsadida 2021 yil 20 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.


“Jajji zakovatchilar” intellektual o‘yini viloyat miqyosida ilk bor tashkil etilayotgan bo‘lib, unda Navoiy shahri, Qiziltepa, Konimex, Karmana va Navbahor tumanlaridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining shahar va tuman bosqichlarida g‘olib bo‘lgan jajji bilimdon (jamoa)lar o‘zaro bellashdi.

O‘yin yakunida Navoiy shahridagi 26-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti jamoasi 1-o‘rinni, Navbahor tumanidagi 10-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti jamoasi 2-o‘rinni va Qiziltepa tumanidagi 19-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti jamoasi 3-o‘rinni egalladi.

Tadbir yakunida “Jajji zakovatchilar” intellektual o‘yinini har yili uch bosqichda tizimdagi davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazib borish va uni an’anaga aylantirish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilab olindi, g‘olib va sovrindorlar jamoalarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA