Navoiyda agroklaster tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasining Avstriyadagi elchixonasi hamda Navoiy viloyati hokimligi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik asosida Avstriyaning “AGRANA STARCH” kompaniyasi tomonidan viloyatda agroklaster tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Avstriyadagi elchixonasi hamda Navoiy viloyati hokimligi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik asosida Avstriyaning “AGRANA STARCH” kompaniyasi tomonidan viloyatda agroklaster tashkil etiladi.
Yevropa hamda dunyo miqyosida agroklaster sohasida o‘ziga xos mavqega ega bo‘lgan “AGRANA STARCH” kompaniyasi tizimida bugungi kunda 9 mingdan ortiq ishchi-xodim faoliyat olib boradi. Mazkur yirik kompaniya dunyoning o‘nlab davlatlarida 60 dan ortiq o‘z korxonalariga ega bo‘lib, o‘rtacha yillik daromadi 3 milliard yevrodan ko‘proqni tashkil etadi.
– Biz O‘zbekiston haqida to‘liq ma’lumotga egamiz va faoliyatimizni yanada kengaytirish va hamkorlik qilish uchun aynan Navoiy viloyatini tanlashimizda ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor, – deydi “AGRANA STARCH” kompaniyasining biznesni rivojlantirish masalalari bo‘yicha menejeri Ingolf Sonlaytner. – Avvalo, viloyatning geografik qulay hududda joylashgani, o‘ziga xos murakkab iqlim va tuproq sharoitiga egaligi loyihalarni amalga oshirishda qulaylik yaratadi. Bizning loyihada barchasi ko‘zda tutilgan.
Yevropaning bir necha davlatlarida 35-40 yillik tajribaga ega bo‘lgan kompaniya ishbilarmonlari Navoiy viloyatida oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish salohiyati yuqori ekanini alohida ta’kidladi. Kelgusida viloyatda yirik agroklaster tizimini joriy etish orqali muayyan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashishni asosiy maqsad qilganliklarini ta’kidlashdi.
– Oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik muammolar, tabiat va koinotda turli o‘zgarishlar sodir bo‘layotgan bugungi global davrda insoniyatni to‘laqonli va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash ustuvor vazifaga aylanib bormoqda, – deydi tadbirkor Rojer Mensh. – Shu ma’noda biz aynan Navoiyda meva-sabzavot klasterini yo‘lga qo‘yamiz. Ya’ni, mevani yetishtirish, qayta ishlash, saqlash, yetkazib berish va eng oxirida chiqindilarni ham qayta ishlab, qishloq xo‘jaligida samarali foydalanishni joriy etamiz. Eng muhimi, bugun Yevropada taomilga aylanib ulgurgan zamonaviy texnologiyalarni aynan Navoiy viloyati orqali boshqa hududlarga joriy qilishni rejalashtirganmiz.