Navoiy viloyatida yirik narkoguruh faoliyati fosh etildi
Navoiy viloyati IIB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor profilaktik tadbirlari davomida ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazilgan monitoring tekshiruvlari ma’lumotlari asosida giyohvand modda savdosi bilan bog‘liq bir nechta faktlar aniqlanib, unga ko‘ra Tezkor qidiruv xizmati hamda Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbirlar tashkil etildi.
Dastlab giyohvand moddalar savdosini telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali “zakladka” usulida iste’molchiga yetkazib berayotgan guruh yetakchilari qo‘lga olindi.
Jinoyat zanjiri bo‘ylab tarqalgan, guruhning boshqa a’zolarini aniqlash maqsadida tezkor tadbirlar davom ettirilib, ularning yashash xonadonlari va aloqa vositalari ko‘zdan kechirildi.

Maxsus tadbirlar davomida guruhning 2 nafar ombor vakili, 2 nafar zahri qotilni yashirib, manzili va lokatsiyasi bilan yetkazuvchi shaxs, 8 nafar narkokurer hamda ularning 11 nafar mijozi qo‘lga olindi.
Tadbirlar davomida 1 kilogrammga yaqin gashish giyohvandlik moddasi va iste’mol qilish uchun tayyorlangan qo‘lbola vositalar daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olindi.

Holat yuzasidan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 273-moddasining tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri