Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Misrning nufuzli “ElSewedy Wataniya” kompaniyasi delegatsiyasining Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida viloyat hokimi Normat Tursunov bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida hududda qishloq xo‘jaligi va yerlarni o‘zlashtirish yo‘nalishida salmoqli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari keng muhokama qilindi.

Hamkorlik doirasida misrlik investorlarga Navoiy viloyatining sanoat zonalaridan maxsus joylar ajratib berish, ishlab chiqarish quvvatlarini yo‘lga qo‘yish va shu orqali yangi ish o‘rinlarini yaratib, mahalliy aholini band qilish imkoniyatlari taklif etildi.

Uchrashuvdan so‘ng delegatsiya vakillari Konimex tumanidagi Kengsoy hududiga borib, 3,6 ming gektar yaylov yer maydonlarini o‘zlashtirish va zamonaviy pivot usulida chorva ozuqasini yetishtirish loyihasining borishi bilan yaqindan tanishdilar.
***
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Navoiy viloyati boshqarmasida kunduzgi parvarish xizmatini tashkil etish va uning faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazildi.

Seminarda kunduzgi parvarish xizmatini tashkil etgan tadbirkorlar va mutaxassislarga tashkiliy jarayonlar, xizmat ko‘rsatish joyiga qo‘yiladigan talablar hamda zarur hujjatlarni shakllantirish tartibi haqida batafsil ma’lumot berildi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Kunduzgi parvarish xizmatini tashkil etish bo‘yicha amaliy qo‘llanma”ning mazmun-mohiyati ishtirokchilarga tushuntirildi.
Shuningdek, kunduzgi parvarish xizmatida foydalaniladigan birinchi tibbiy yordam vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxati, mebel, inventar hamda inklyuziv sharoitlarni ta’minlashga qo‘yiladigan talablar, xizmat oluvchilar uchun zarur bo‘lgan jihozlar va xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
***
Xalq deputatlari Tomdi tumani Kengashi deputati J. Mirzagaliyev tomonidan tuman Pensiya jamg‘armasi bo‘limida O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuni talablarining ijrosi yuzasidan o‘rganish olib borildi.

O‘rganish jarayonida fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash, qayta hisoblash va to‘lash bilan bog‘liq jarayonlarning amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqligi, fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish holati hamda pensiya ta’minoti sohasida belgilangan huquq va kafolatlarning ta’minlanishi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha aniqlangan masalalar yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiya va takliflar berilib, qonun talablarining to‘liq va sifatli ijrosini ta’minlash, fuqarolarning pensiya ta’minoti bilan bog‘liq huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri